Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz kelajagi hisoblanmish yosh avlod kamolotiga g‘amxo‘rlikni tobora kuchaytirmoqda. Ularning sog‘lom, barkamol bo‘lib voyaga yetishlari, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan, ilmli davrimizga munosib bo‘lishlari uchun sharoitlarni yaratmoqda. Xususan, 2021 yilning 11 avgustida qabul qilgan “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ham shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Bola tarbiyalayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya va ko‘makka muhtoj oilalar moddiy ta’minotini kuchaytirishga xizmat qiluvchi ushbu farmondagi o‘zgarishlarni aholiga keng targ‘ib qilish yuzasidan barcha ovul va mahallalar aholisi bilan Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi xodimlari uchrashuvlar o‘tkazishmoqda.
Shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri Mang‘it shahridagi Do‘stlik mahallasida bo‘lib o‘tdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limining mas’ul xodimlari Azamat Kenjayev, Sirojiddin Jumaboyev, Sarvar Komiljonovlar yig‘ilgan aholiga Prezidentimizning ushbu farmoniga ko‘ra yosh bolali oilalarni, moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliyotga joriy qilingan o‘zgarishlar, ularning ahamiyati xususida batafsil tushuntirdilar.
Tadbirda ta’kidlandiki, shu yilning sentabridan boshlab, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa hamda bola 2 yoshga to‘lgunigacha uni parvarish qilish nafaqasi o‘rniga kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi joriy etildi. Bunda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshga oshirildi. To‘lov muddati esa avvalgi 6 oy o‘rniga 12 oy qilib belgilandi. Nafaqa miqdorini esa oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilash tartibi o‘rnatildi.
Shuningdek, yakka-yolg‘iz bo‘lgan fuqarolarga, farzandi bo‘lmagan yoki barcha farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga oylik miqdori 380 ming so‘m moddiy yordam tayinlanadi.
2021 yil 1 sentabrigacha tayinlangan 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga nafaqa, esda tutish lozimki, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish nafaqasi hamda kam ta’minlangan muhtoj oilalarga moddiy yordam pullari muddatlari tugaguniga qadar avvalgi tartibda saqlanib qoladi.
Tadbirda ishtirok etgan mahalla aholisi vakillari ma’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, atroflicha javoblar oldilar va Yurtboshimizning 2021 yil 11 avgustda qabul qilgan 6277-sonli Farmoniga muvofiq joriy etilgan o‘zgarishlar xususida chuqur bilimga ega bo‘ldilar.
Do‘stlik mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari buning uchun Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi xodimlariga minnatdorchilik bildirdilar
Oygul Rajabova.