Tadbirkorlik sohasidagi yangi qonun hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda iqtisodiyotni uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, bunda samarali soliqqa tortish tizimi va davlat soliq xizmati organlarining uyg‘unlashgan faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda Prezident tashabbusi bilan sohada yangi islohotlar amalga oshirilib, soliq tizimida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan barcha omillar bartaraf qilinmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida umumiy ovqatlanish va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subektlarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bu borada qator yangi vazifalar belgilab berildi. Shu maqsadda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

Amudaryo tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari  mazkur hujjat mazmun-mohiyatini tumandagi tadbirkorlarga keng turda tushuntirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar. Mas’ullar tumandagi qator umumiy ovqatlanish shoxobchalariga borib, tadbirkorlarga qarorda belgilangan qator imtiyozlar xususida keng ko‘lamli ma’lumotlar berdilar.

Aytish kerakki, mazkur qaror bilan 2021 yilning 1sentabridan boshlab, 21 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinishi, umumiy ovqatlanish korxonalariga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yig‘imlar bo‘yicha 2021 yil 15 avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar bo‘yicha jarima va penyalarni 2022 yil 1 yanvardan 1-iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib, ya’ni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berililishi 2023 yil 1 sentabrga qadar turistik yig‘imni hisoblash va to‘lash to‘xtatililishi belgilab qo‘yilgan.

Ma’lumki, yurtimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlarga keng imtiyoz va imkoniyatlar berilib, ularning samarali faoliyat olib borishlariga sharoitlar yaratib kelinmoqda. Tadbirkorlarimiz ushbu imtiyozlardan samarali foydalangan holda faoliyatlarini yanada kengaytirmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida mamlakatda  kambag‘allikni qisqartirish, band bo‘lmagan aholi qatlamini ish bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali og‘ir sinovli kunlarda mamlakat iqtisodiy hayotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldi olinmoqda.

Tumanimizda ham samarali faoliyat yuritib kelayotgan, aholi bandligini ta’minlashda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tadbirkorlar soni tobora ortib bormoqda. Tuman davlat soliq inspeksiyasi mas’ullari tadbirkorlarga yangi imtiyoz va imkoniyatlar haqida tushunchalar berish barobarida ularning bu boradagi savollarga aniq javoblar keltirdilar.

Ta’kidlash kerakki, mas’ullarning qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga o‘z vaqtida tushuntirishi, ular yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishlari tumanimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Charos Arslonova