Amudaryo tumanidagi g‘alla va paxta yetishtiruvchi fermerlar sohadagi yangi imkoniyatlardan foydalanib, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Joriy yilgi paxta xirmonini barpo etishda tumanimizdagi barcha fermerlar eng ilg‘orlar safidan joy olishga astoydil harakat qilmoqdalar hamda ularning mashaqqatli mehnatlari evaziga tumanimizda yuksak paxta xirmoni barpo etilmoqda.
3 noyabr kuni tuman hokimligida qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilayotgan, joriy yilgi paxta rejasini ortig‘i bilan bajargan ilg‘or fermerlarni rag‘batlantirish, ularni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Sa’dullayev, qishloq xo‘jaligi soha mas’ullari, fermerlar hamda hokimlik mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan agrar sohani yanada tarqaqqiy toptirishga a’ohida e’tibor qaratilayotgani, shu maqsadda imzolangan “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bilan soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillar tubdan o‘zgartirilgani, mazkur qaror bobodehqonlarimizning o‘g‘irini yengil, birini ikki qiladigan tarixiy hujjat bo‘lganligi xususida to‘xtaldi.
Shuningdek, tuman hokimi tumanimizning agrar sohada respublikada eng ilg‘orlar safidan joy olishida fermerlarimizning hissasi beqiyosligini ta’kidlab, joriy yilgi paxta rejasini ortig‘i bilan bajargan fermerlarni tabrikladi hamda ularga qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi mislsiz mehnatlari uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Tadbirda tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Sa’dullayev hamda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Ilhom Polvonovlar so‘zga chiqib, tumanning qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuqlari, sohaga kiritilayotgan yangi zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilayotgani, sohadagi ishlar salmog‘i tobora ortib borayotgani xususida so‘z yuritdilar hamda ilg‘or fermerlarni erishgan yuqori natijalari bilan tabrikladilar.
Tadbir mobaynida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev agrar sohada faoliyat yuritayotgan bir guruh faol fermerlarga sohadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, barcha ekinlardan mo‘l hosil yetishtirib, xalqimizning rizq-ro‘zi va turmush farovonligi, mamlakatimizning iqtisodiy qudrati va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda joriy yilgi paxta rejasini ortig‘i bilan bajarganliklari munosabati bilan tuman hokimligining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Tadbirda fermerlar bu kabi e’tibor hamda rag‘batdan g‘oyat xursand ekanliklarini izhor etib, buning uchun mas’ullarga minnatdorchilik bildirdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.