Mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi IIV faxriy xodimlari o‘rtasida «Yilning eng faol faxriy xodimi» ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan ushbu tanlovda tizimda uzoq yillar xizmat qilgan, hozirgi kunda ham o‘z tajriba va bilimlarini yosh avlodga o‘rgatib kelayotgan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan IIV faxriy xodimlari qatnashishdi.
27 oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida mazkur tanlovning yakuniy bosqichi o‘tkazildi. Ushbu bosqichda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi – amudaryolik IIV faxriy xodimi, iste’fodagi mayor Jahongir Xolmurodov ham ishtirok etdi va tanlov davomida belgilangan shartlar asosida respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan soha faxriylari qatori o‘tgan yillar mobaynidagi amaliy ishlarini taqdim etib, bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazdi.
Dastlabki shartga ko‘ra tanlovda ishtirok etgan har bir faxriy xodimning o‘tgan bir yil davomida davlat va jamiyat hayoti bilan bog‘liq amalga oshirgan ishlari, jumladan yosh avlodni tarbiyalash, ustoz-shogird an’analari, faxriylar maktabidagi faoliyati va boshqa sohalarda amalga oshirgan ishlari bilan tanishib chiqildi. Keyingi shart bo‘yicha intellektual sport o‘yini, ya’ni shaxmat musobaqasi o‘tkazildi. So‘nggi shartga ko‘ra, yurtimizda amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar, ichki ishlar organlari tizimi, yurtimiz tarixi, adabiyoti, san’ati, madaniyati va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan savollar asosida faxriylarning bilimlari aniqlandi. Shuningdek, shart davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha taklif va muammolarni ilgari surib, ularni hal etishning turli innovatsion yo‘llarini ko‘rsatib berishdi. Tanlovda ishtirokchilar san’at, madaniyat, adabiyot, fan, texnika va boshqa yo‘nalishlardagi iste’dodlarini ham namoyish etishdi.
«Yilning eng faol faxriy xodimi» ko‘rik-tanlovining O‘zbekiston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan amudaryolik IIV faxriysi, iste’fodagi mayor Jahongir Xolmurodov «Iste’dodli faxriy» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. Tanlov sovrindoriga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Diplomi, «O‘zbekiston IIV faxriysi» ko‘krak nishoni hamda qimmatbaho qo‘l soati tantanali ravishda topshirildi.
Sulton Jarilkaganov, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari.