
3 oktabr kuni Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 82-sonli umumta’lim maktabida yoshlarni jalb qilgan holda “Bugun elimiz tinchligining qadriga yetaylik!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tumanimiz yoshlari bilan uchrashish hamda ular bilan dildan suhbat qurish maqsadida tashrif buyurgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huziridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurulla Jamalov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Bayramgul Ayimbetovalar, shuningdek, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov hamda qator mas’ullar maktabda tashkil etilgan tumanimizdagi yosh ijodkorlarning ijod mahsullari, qo‘l mehnatlari namunalaridan iborat ko‘rgazmani tomosha qildilar.
Shundan so‘ng yoshlar bilan mavzu yuzasidan suhbat tashkil etilib, unda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Rustam Saparbayev tinchlik Alloh taoloning bizlarga bergan ne’matlari ichida eng ulug‘i ekanligi, uni asrab-avaylash, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, tinch va osuda hayotimizga, xotirjam otayotgan har bir tongimizga shukrona keltirish lozimligi, bunday dorilomon kunlarga yetish oson bo‘lmagani, yer yuzida necha minglab insonlar hayotining har bir daqiqasini yuragida qo‘rquv, hadik bilan o‘tkazayotgani xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda butun yer yuzida ko‘plab davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro urushlar ularning taraqqiy etishi va rivojlanishini ortda qoldirmoqa. Hozirgi tahlikali davrda tinch va osoyishta hayotimizni saqlab qolish, tinchligimizni asrash har bir kishining muqaddas burchi hisoblanadi. Vatan tinch bo‘lsa, yashash uchun eng qulay maskan hisoblanadi. Tinchlik bo‘lsa, insonlarning hayoti farovon bo‘ladi. Bu ne’mat davomli bo‘lishi uchun esa, uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari ya’ni o‘zaro ishonch, mehr-muruvvat, shukronalik, adolatli bo‘lish, zulm va xiyonat qilmaslik kabi fazilatli xislatlarga ham e’tiborli bo‘lish lozim.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huziridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Nurulla Jamalov so‘zga chiqib, har bir inson o‘z maqsadi yo‘lida doimo harakat qilishi, orzu va maqsadlarning, ezgu niyatlarning ro‘yobga chiqishi uchun esa tinchlik va osoyishtalik eng zaruriy omil ekanligini ta’kidlab, oiladagi xotirjamlik insonning ish samaradorligini oshirishga, oila mustahkamligiga asos bo‘lsa, yurtdagi tinchlik mamlakat taraqqiyotiga, farovonligiga zamin yaratishini qayd etib o‘tdi.
Tumanimiz yoshlari bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuv doirasida “Bugun elimiz tinchligining qadriga yetaylik!” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi. Insholar tanlovi tumandagi barcha umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Tanlovda har bir maktabdan bir nafardan o‘quvchi ishtirok etdi.
Aytish kerakki, mazkur insholar tanlovi yoshlarning tinchlik va uning qadriga yetish borasidagi fikr-mulohazalarini, ularning bu boradagi bilimlari qay darajada ekanligini, tinchlik haqidagi dunyoqarashlarini yaqindan o‘rganish maqsadida tashkil etilib, yoshlar mavzu yuzasidan bor bilim va tasavvurlarini qog‘ozga tushirdilar. Juda qiziqarli tarzda o‘tgan insholar tanlovining yakuniy natijalarga ko‘ra 62-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Shahlo Quralovaning yozgan inshosi eng oliy o‘ringa loyiq deya topildi. Tanlovning 2-o‘rni 40-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Durdona Yo‘ldashevaga, 3-o‘rin 67-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Dilnoza Xudoyorovaga nasib qildi.
Tadbir yakunida insholar tanlovi g‘oliblari mas’ullar tomonidan turli badiiy kitoblar jamlanmasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.