Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekologik vaziyatni inobatga olib, tabiatni asrash maqsadida daraxt ekish ishlari kun tartibidagi muhim masalaga aylanmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi va loyiha doirasida qator tadbirlarni amalga oshirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
4 noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligida tumanda “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish hamda bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining maslahatchisi Nosir Eshonov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari, mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, Prezident “Yashil makon” loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ini daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” deya e’lon qilgani haqida ma’lumot berib, tumanda ushbu umummilliy loyihani munosib tarzda o‘tkazish lozimligini, barcha birdam va hamjihat bo‘lib, loyiha va uning doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining maslahatchisi Nosir Eshonov so‘zga chiqib, joriy yilning 2 noyabr sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar xususida keng turda ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida “Dolzarb 40 kunlik” doirasida 14 mln tupdan mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlar ekilishi, ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari mas’ul bo‘lishi kabi qator vazifalarni belgilab bergan. Qolaversa, yig‘ilishda ushbu loyihani amalga oshirishda Obodonlashtirish bo‘limlari maxsus texnika bilan ta’minlanib, zarur joylarda sug‘orish tarmoqlari barpo etilishi, muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga daraxtlar ekish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunlangandan so‘ng mutasaddi rahbarlar ko‘chat ekish ishlarini boshlab yubordilar. "Dolzarb 40 kunlik" doirasida ko‘chat ekishning ikkinchi kuni uyushqoqlik bilan o‘tdi.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev boshchiligida sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari, mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari mas’ullari ko‘chat ekishda faol ishtirok etdilar. 4 oktabr kuni havo haroratining keskin pasayganiga qaramay, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlarida barcha mas’ullar hamjihat bo‘lib ishtirok etdilar.
Tadbir mobaynida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, gaz va elektr tarmoqlari korxonalari mas’ul xodimlariga havo hararati payishi sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish borasida zarur topshiriqlar berildi. Aholining is gazidan zaharlanishing oldini olish, aholi o‘rtasida sovuq havo harorati kunlarida issiqlik va elektr energiyasidan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligi ta’kidlandi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.