Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish hamda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ta’minlashda ichki ishlar organlarining samarali faoliyati ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida katta ishlar olib borilmoqda.
Aytish kerakki, “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun bilan 25 oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida belgilanib, har yili ushbu sanada soha xodimlari uchun katta bayram tadbirlari tashkil etilib, ayyom tantanali ravishda nishonlanadi. Bu yil ham soha xodimlarining kasb bayramlari munosib tarzda o‘tkazilib, joylarda bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda soha xodimlarining jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona xizmati, ayniqsa, ularning pandemiya sharoitida ko‘rsatayotgan jonbozliklari tahsinga loyiq.
Tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi vazifalarini mas’uliyat bilan ado etishmoqda. Bo‘limda ichki ishlar organlari xodimlarining samarali faoliyat olib borishlari uchun barcha qulayliklar, shart-sharoitlar hamda keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, xodimlar zamonaviy sport jihozlari o‘rnatilgan sport zallarida jismoniy chiniqish amaliyotlarini bajarib kelmoqdalar. Shuningdek, bo‘limdagi barcha xonalar kompyuter jamlanmalari hamda zamonaviy mebellar bilan ta’minlangan.
Tuman IIB tomonidan jamiyatda tinchlikni saqlash, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh qilish, shuningdek, har qanday favqulodda hodisalar sodir etilishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada tuman IIB jamoatchilik vakillari va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda qator tezkor-profilaktik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilning shu davriga qadar tuman hududida sodir etilgan umumiy jinoyatchilik soni 155 tani tashkil qilib, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik va transport vositasini olib qochish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilishining oldi olindi.
Jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida tumandagi 49 ta mahallalarning 24 tasida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Bo‘lim tomonidan, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, Tibbiyot birlashmasi, Xalq ta’limi bo‘limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tijorat banklari va Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda probatsiya hisobida turgan mahkumlardan 47 nafarining ishga joylashishida, 1 nafariga turar joy bilan ta’minlanishida, 4 nafariga iste’mol kreditlari olishida, 21 nafariga tibbiy, 27 nafariga moddiy, 7 nafariga maishiy va 8 nafariga turli shartnomalar tuzishda huquqiy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, tuman Ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasining profilaktika inspektorlari, sohaviy xizmatlar xodimlari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida xuquqbuzarlikka qarshi kurash, vatanparvarlikni targ‘ib qilish, ommaviy madaniyat ta’siriga tushishining oldini olish borasida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari va ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Natijada bu boradagi ko‘rsatkich oldingi yillarga nisbatan ancha kamaydi. Bu esa o‘z o‘rnida tuman Ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektorlarining salmoqli faoliyat olib borganliklari samarasi hisoblanadi.
Qolaversa, soha xodimlarining tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda jamoatchilik institutlari, mahalla faollari bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borish natijasida jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamaymoqda. Bu borada mahallalarda yashovchi jinoyat qilishga moyil shaxslar alohida nazoratga olingan bo‘lib, tarbiyaviy profilaktik ishlar tashkil etilgan. Ularga mahallalar faollari orasidan murabbiylar biriktirilishi natijasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldi olindi.
Joriy yilning shu davriga qadar jami 242 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan bo‘lib, o‘tgan davr ichida tuman IIB xodimlari, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda har biri bilan yakka tartibda 859 marotaba profilaktik ishlar amalga oshirildi. Olib borilgan samarali tadbirlar natijasida profilaktik hisobda turgan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
IIBning Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi ham sohaga kiritilayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan yangi islohotlar ijrosini ta’minlashda samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, joriy yilning shu davriga qadar bo‘lim tomonidan tumandagi 11382 nafar fuqarolarning tegishli ma’lumotlari qabul qilinib, ularga xorijga chiqish biometrik parsportlari rasmiylashtirib berildi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID kartalarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan biometrik pasport o‘rniga identifikatsiya ID kartalarini joriy etish belgilanganidan so‘ng, murojaat qilgan fuqarolarga shu kunning o‘zida rasmiylashtirilib berilmoqda. Bu borada bo‘limga joriy yil boshidan jami 3923 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, ularning hujjatlari to‘liq ID kartaga almashtirildi.
Joriy yilning shu davriga qadar bo‘limga 17 nafar fuqarolarning fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasini olish uchun murojaatlari kelib tushgan, 2 nafar chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish uchun murojaat qildi. Ushbu murojaatlar o‘z o‘rnida tegishlicha qanoatlantirildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi xodimlari tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilib, joriy yilning shu davriga qadar 32 marotaba reydlar va ko‘chma radarlar tashkil qilindi. Tezkor tadbirlarda 11462 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, tegishli jazo choralari ko‘rilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan mahallalarda 38 ta va o‘quv muassasalarda 89 ta targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.
Kasb bayramimiz arafasida sohada fidoyilik bilan mehnat qilgan hamda o‘z kasbiga bo‘lgan cheksiz mehri bilan Vatan oldidagi farzandlik burchini o‘tagan, xizmat vaqtida bevaqt hayotdan ko‘z yumgan ichki ishlar organlari xodimlari xonadonlariga tashrif buyurib, oila a’zolari holidan xabar olindi.
Do‘stlik mahallasidagi IIBda vaqtinchalik saqlash hibsxonasi xodimi bo‘lib xizmat qilgan va xizmat vaqtida vafot etgan Ulug‘bek Bozorboyev xonadonida uning oila a’zolari bilan dildan suhbat qurib, xotirasi yodga olindi. Shuningdek, bayram munosabati bilan bo‘lim xodimlari Toshqal’a mahallasidagi profilaktika inspektori lavozimida samarali faoliyat yuritib, xizmat chog‘ida olamdan o‘tgan Azimboy Xo‘jakov xonadoniga tashrif buyurdilar hamda oila a’zolari holidan xabar oldilar. Mas’ullar qo‘riqlash bo‘limi xodimi bo‘lib xizmat qilgan, o‘z xizmat vazifasini ado etayotganida hayotdan ko‘z yumgan Ortiqboy Yakubov xonadoniga ham bordilar va oila a’zolarini bayram bilan tabrikladilar. Bayram munosabati bilan marhumlarning oila a’zolariga esdalik sovg‘alari berildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar o‘rtasida xalqimizga yot g‘oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga o‘z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Biz ushbu vazifalarni sharaf bilan ado etamiz va elimiz tinchligi, jamiyat osoyishtaligini asrashga o‘zimizni mas’ul deb bilamiz.
Shu fursatdan foydalanib, mashaqqatli va sharafli kasb egalari bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarini 25 oktabr – kasb bayramlari bilan samimiy tabriklayman. El-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishlarida ularga kuch-g‘ayrat va matonat, mustahkam sog‘lik, g‘oyat mas’uliyatli va serqirra faoliyatlarida yangi zafarlar tilayman.
Ulug‘bek Xudoyberganov,
tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i.