“XAVFSIZ TUN” RЕYD TADBIRI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Tinch osoyishta hayot tarzi biz bilan bir davrda  yashayotgan necha-necha millionlab insonlarning orzusi, desak adashmaymiz. To‘yib ovqat yeyishga imkoni yo‘q, yupun, boshpanasiz odamlar, yomg‘irday yog‘ilayotgan o‘qlardan, portlashlardan dahshat ichida yashayotganlar, biror kuni osoyishta kechmayotganlar juda ko‘pchilik.

Shular haqida o‘ylaganimizda barcha brtdoshlarimiz o‘z oilasi bag‘rida emin-erkin, baxtiyor, farovon yashayotganidan, oilalar obodligi, uning zamirida yurtimiz obodligi, tinch-osoyishtaligidan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tariladi, ertagi kunga ishonchimiz yanada mustahkamlanadi. Beixtiyor tilimizga shukrona keladi. Shu barobarida chor-atrofga ochiq ko‘z bilan teran nazar tashlash, hushyor va ogoh bo‘lish lozimligini anglaymiz. Dunyoni qaysiki burchagida urush-nizolar, buzg‘unchiliklar, yovuz niyatli kuchlar mavjud ekan, ulardan shu aziz Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, himoya  qilish mas’uliyati zimmamizda bo‘ladi. Yana shunisi ham borki, bugungiday dorilomon kunlarning qadriga yetmay, to‘qlikka sho‘xlik qilayotganlar, amaldagi me’yoriy qonun-qoidalarni mensimaydigan, bo‘ysungisi kelmaydigan, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar ham jamiyatimizda uchrab turadi.

Shularni inobatga olgan holda tumanimizda shu yilning 2 noyabrida O‘zbekiston Respublika Ichki ishlar vazirligining, Qoraqalpog‘iston respublikasi Ichki ishlar vazirligining ko‘rsatmalariga asosan, aholining tinchlik-osoyishtaligini himoya qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish maqsadida “Xavfsiz tun” reyd tadbiri o‘tkazildi.

Ushbu tadbirga tuman Ichki ishlar bo‘limi, Milliy gvardiya tuman Qo‘riqlash bo‘limi, tuman Davlat  soliq inspeksiyasi, “Fidokor yoshlar” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 2-safarbarlik guruhi Yo‘l patrul xizmati inspektorlari, Ichki ishlar vazirligi AVBSO xodimlari va jamoat tashkilotlaridan jami 99 nafar xodimlar tumanimizda 6 ta ma’muriy hududga bo‘lingan holda 5 ta yo‘nalishda ish olib bordilar. Ular jamoat joylari, savdo ob’ektlari, ko‘ngilochar joylarda va umumiy ovqatlanish shahobchalarida jamoat tartibining saqlanishi, aholiga xizmat ko‘rsatishda belgilangan qoidalarga rioya qilinishi, shuningdek, osoyishtalikka rahna solishi mumkin bo‘lgan holatlarni aniqlash yuzasidan tekshiruvlar olib bordilar, noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, karantin qoidalariga rioya qilish lozimligi yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berdilar.

Mang‘it shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Tadbirkorlar ko‘chasi 106-uyda bir guruh shaxslar tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yini o‘ynab o‘tirgan holat aniqlanib, ulardan 968000 so‘m pullar daliliy ashyo sifatida olindi. Qimor o‘yini ishtirokchisi Chorshamboy Qurbonboyevning cho‘ntagida o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i borligi aniqlandi.

Bundan tashqari, tungi soat 23:00lardan so‘ng Mang‘it shahri hududidagi ko‘ngilochar maskanlar nazorat qilinganida 3 nafar voyaga yetmagan bolalar bilyard o‘ynayotganligi  aniqlandi va shu vaqtning o‘zida maskan egasiga voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda o‘ynashlariga yo‘l qo‘ygani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddalariga asosan bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, shahar ko‘chalarida spirtli ichimlik ichib, mast holda shovqin ko‘tarib, aholi  tinchligini buzib yurgan ikki nafar fuqaro aniqlandi. Ular xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaganlari uchun tuman Ichki ishlar bo‘limi binosiga olib kelinib, hujjatlar rasmiylashtirildi.

Reyd tadbirida 11 nafar Yo‘l patrul xizmati xodimlari yo‘llarda avtotransportda harakatlanishda 98 ta qoidabuzarliklarni aniqlashdi. Shuning 3 tasi mast holda transport vositasini boshqarish, 27 tasi tegishli hujjatlarga ega bo‘lmay transport boshqarish, 68 tasi turli yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay transport boshqarish holatlaridir.

Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadbir tumanimizda ko‘pgina ko‘ngilsizliklarning oldini olishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Orifjon Qosimov, Amudaryo tumani IIB HPB boshlig‘i