Qariyb 2 yilga yaqin vaqtdan beri dunyo xalqlariga achinarli talofatlar yetkazayotgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash oqilona va samarali tashkil etilganligi bois, bizning mamlakatimizda boshqa mamlakatlarga solishtirganda yo‘qotishlar ancha kam va kasallikka chalinganlarning askariyati tuzalib, sog‘lom hayotga qaytmoqda.
Bu borada koronavirus infeksiyasiga gumon qilinib, namuna olingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy – sanitariya yordamini ko‘rsatish, tekshiruv natijalariga ko‘ra, ularga davo muolajalarini olib borish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.
Tibbiyotning tasdiqlashicha, ushbu xastalikni yengib o‘tishning yagona yo‘li - bu aholida jamoaviy immunitetni shakllantirishdir. Bunga esa kasallikka qarshi emlash orqali erishish mumkin.
Shunisi e’tiborliki, davlatimizning g‘amxo‘rligi tufayli barcha sinovlardan, jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘yxatidan o‘tgan vaksinalar yurtimizga olib kelinib, dastlabki bosqichda aholi bilan eng ko‘p muloqot qiladigan ishchi-xizmatchilar, xavfli guruhga kiruvchi ya’ni, keksa va surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar emlangan bo‘lsa, keyinchalik 18 yoshdan yuqori bo‘lganlarni ommaviy emlash yo‘lga qo‘yildi.
Tumanimiz Tibbiyot birlashmasida ham bu juda muhim tadbirni namunali o‘tkazish uchun yetarli sharoit yaratildi va ko‘ngilli aholi o‘zi tanlagan vaksina turi bilan emlanmoqda. Bunda avvalo tashrif buyuruvchilar tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra emlanmoqda. Buning uchun tuman Sanitariya-epidemilogik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida vaksina saqlash omborxonasida vaksinalar talablar darajasida saqlanmoqda. Vaksinalarni olib kelish va emlash punktlariga yetkazib berish uchun 1 ta maxsus jihozlangan avtomashina ajratilgan.
Shu kungacha tumanimizga 160 ming dozaga yaqin 6 turdagi vaksinalar olib kelindi. Ushbu vaksinalar bilan 18 yoshdan yuqori, emlanishi lozim bo‘lgan aholining 72500 nafari qamrab olindi. Bu 59 foizni tashkil qiladi. Kunlik emlanayotganlar esa barcha bosqichlarda 1200-1300 nafarni tashkil etadi. Ushbu raqamlarning o‘ziyoq tumanimiz aholisining o‘zlarini koronavirus infeksiyasidan himoyalashga jiddiy e’tibor bermayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. To‘g‘ri, dunyoning boshqa davlatlariga qaraganda yurtimizda kunlik kasallikka chalinish va kasallikdan vafot etish ko‘rsatkichlari past. Biroq bu bilan hech kim menga koronavirus infeksiyasi yuqmaydi, deya olmaydi. Ya’ni emlanmay turib hech kim himoyalana olmaydi.
Bu haqda gapirilganida ba’zilar emlanib ham kasallikka chalinayotganlar borligini iddao qiladi. To‘g‘ri, bunday holatlar oz bo‘lsa-da uchrashini hech kim inkor etmaydi. Biroq ularda kasallik yengil, yo‘qotishlarsiz kechayotgani, jiddiy asoratlar qoldirmayotgani – haqiqat.
Shuni unutmaslik kerakki, keyingi vaqtlarda koronavirus infeksiyasining avvalgilariga qaraganda og‘ir shtamlari tarqalmoqda. Bu tumanimiz aholisi hayotiga ham xavf solmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Kasallik tarqalishining, koronavirus infeksiyasi tufayli yaqinlarimizni yo‘qotishning oldini olishning yagona yo‘li - kasallikka qarshi emlanish ekanligini unutmasligimiz kerak. Chunki, yaqinlarimiz, oila a’zolarimizning sog‘-omon, baxtiyor yashashi uchun har birimiz mas’ulmiz.
Emlanish har bir fuqaroni va uning yaqinlarini kasallikdan ishonchli himoya qiladi.
Shunday ekan, odamlar orasidagi vaksinalar xususidagi be’mani gaplarga emas, sog‘lig‘imiz posbonlari bo‘lgan shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra emlanishga oshiqing, deb qolamiz.
Oygul RAJABOVA.