“Amudaryo tumani. Aholining yashash sharoiti” mavzusidagi videomurojaat bo‘yicha rasmiy ma’lumot

Эълонлар

YouTube videoxostingidagi “Másele uz” sahifasida “Amudaryo tumani. Aholining yashash sharoiti” mavzusidagi videomurojaat e’lon qilingan.

Videomurojaatda dastlab tumanning Amir Temur ovuli hududidagi bir guruh fuqarolar “Ovulda suv yo‘qligi, yerlar ekilmayotgani, gaz yo‘qligi, ko‘mir yetishmasligi kabi muammolar bayon qilgan. Shuningdek, murojaat yo‘llovchi fuqarolar ichimlik suvi yo‘qligi, paxta yerlarining bog‘dorchilikka deb berib yuborilgani, davlat chegarasining yopiqligi kabi masalalarda shikoyat qilishgan.

Ushbu holatlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Amir Temur ovuli Mang‘it Arna kanalining eng quyi qismida joylashganligi, Amudaryodan olinayotgan mavjud suv hajmi o‘tgan yilga nisbatan ikki baravarga kamayganligi ovul hududiga suv yetkazib berishda ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi. Mazkur muammolarni bartaraf qilish maqsadida Mang‘it arna kanaliga qo‘shimcha nasoslar o‘rnatildi. Qolaversa, suv taqchilligi muammosini yumshatish maqsadida Mang‘it arna kanalining Mang‘it shahridan Amir Temur ovuligacha bo‘lgan qismini ekskavator orqali qazish, suv yo‘qotish holatlarining oldini olish maqsadida kanalning Mang‘it shahri hududidan o‘tuvchi 4,8 km qismini betonlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Amir Temur ovuli tabiiy gaz yetib borishi qiyin hudud bo‘lgani sababli tarmoqdan ajratilib, uzluksiz ravishda suyultirilgan gaz bilan ta’minlanib kelinmoqda. Ovul hududidagi aholi 597 ta shtrix kodli stikerlar o‘rnatilgan maishiy gaz ballonlari, 639 dona ijara hisobidagi gaz ballonlari, 286 ta aholi o‘z hisobidagi gaz ballonlari bilan ta’minlangan. Joriy yilning 1 noyabr holatiga Amir Temur ovuli aholisiga 83,3 tonna suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilgan.

Aholini kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Amir Temur nomli ovul hududidagi oilalarga 602 tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 262 tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Rejadagi ko‘mir mahsulotini yetkazib berish ishlari davom etmoqda.

Amir Temur nomli ovul hududidagi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ovul hududiga loyiha qiymati 5,03 mln so‘m bo‘lgan 11,0 km ichimlik suv tarmoqlari yotqizilgan bo‘lib, hududdagi har bir xonadonga suv o‘lchagichlarini o‘rnatish va montaj qilish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ovul aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 ta suv tarqatish inshooti qurilmoqda. “Mang‘it Servis” MChJ tomonidan ayni paytda ushbu inshootda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ushbu inshoot qurilishi yakunlanishi bilan Amir Temur ovuli xududidagi 244 ta xonadon markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Videomurojaatda paxta yerlarining bog‘dorchilikka berib yuborilgani ham bayon qilingan. Aytish kerakki, suv tanqisligi salbiy ta’sirini o‘tkazayotgan hududlarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish, qolaversa meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida 2019-2021 yillarda Amir Temur nomli ovul hududidan jami 534,3 gektar maydonlar meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritish istagidagi 51 ta qishloq xo‘jaligi korxonalariga tender asosida berilgan.

Murojaatda bir guruh ayollar Turkmaniston bilan davlat chegarasining yopiqligi, yaqin qarindoshlarini ko‘ra olmayotganini ma’lum qilgan. Bu davlatlar miqyosida hal qilinadigan masala hisoblanadi.

Videomurojaat davomida tumanning Ayoqchi mahallasi hududida yashovchi fuqaro ko‘mir yetishmayotganidan shikoyat qilgan. Joriy yilgi kuz-qish mavsumi davomida ushbu mahallada yashovchi aholiga 697 tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib shu kungacha 491 tonna ko‘mir tarqatilgan. Qolgan qismini ham yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

Videomurojaatda fuqaro Zokir Yuldashev “Mansabdor shaxslar yerlarni noqonuniy ravishda egallab olgan, ming gektarlab sholi ekib qo‘yibdi”, “Chorva fermerlarning mol bosh soni oz, yerilari ko‘p”, “Korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayapti” kabi mazmunda umumiy ma’nodagi, asossiz shaxsiy fikrlarini bildirgan.

Shuningdek, ushbu fuqaro va O‘zbekiston mahallasida yashovchi O‘rolboy Saparbayev tumandagi bir qator fermer xo‘jaliklari rahbarlarining yer va suv resurslaridan noqonuniy foydalangani, sholi ekkani bayon qilingan.

Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Yer Kodeksining 39-moddasida yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdori yer uchastkasida undan foydalanish maqsadiga muvofiq mustaqil xo‘jalik yuritishi belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasida “Fermer xo‘jaliklarining suv iste’moli ularga xizmat ko‘rsatuvchi suv iste’molchilari uyushmalari tomonidan belgilanadigan suv ob’ektlaridan suv olish limitlari asosida belgilangan tartibda amalga oshiriladi” deya belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, videomurojaatda “Mang‘it buyum bozoriga qarashli hududning bir qismida chiqindilar to‘planib qolgan, sanitariya holati yomon, binolar avariya holatda” degan ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu holat bo‘yicha ma’lum qilamizki, ushbu sobiq buyum bozorida tadbirkorlarning xususiy do‘kon binolari joylashgan. Mang‘it buyum bozori boshqa hududga ko‘chirilganligi sababli hozirda mazkur hududlardan foydalanilmayapti. Tuman hokimligi tomonidan obodonlashtirish bo‘limiga ushbu hududni chiqindilardan tozalash bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, do‘kon egalari bo‘lgan tadbirkorlarga avariya holatidagi binolarni buzish yoki ta’mirlash bo‘yicha xatlar yo‘llandi.

Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati.