Muhtaram yurtdoshlar!
Nuroniy otaxon va onaxonlar!
XXI asrda butun dunyo bo‘yicha vujudga kelayotgan atrof-muhit tozaligi va biz nafas olayotgan atmosfera musaffoligiga rahna solayotgan ko‘plab holatlar insoniyat hayotiga tobora jiddiy xavf solmoqda.
Ayniqsa, yildan yilga kuchayib borayotgan iqlim isishi va buning natijasida mavjud global ekologik muvozanatning izdan chiqayotgani barcha mamlakatlar xalqlari qatori yurtimiz aholisini ham ogohlik va sergaklikka chaqirmoqda.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mazkur muammolarni bartaraf etish, hududlar obodligini ta’minlash va buning natijasi o‘laroq, aholi turmushini yaxshilash borasida davlatimiz tomonidan qator muhim islohotlar olib borilmoqda. Xususan, mahalla va ko‘chalardagi daraxtlar sonini ko‘paytirish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlari atrofida mevali daraxtlarni ekish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirilmoqda.
Albatta, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan sanaladi. Otalarning farzandiga atab daraxt ekishi ham avloddan-avlodga o‘tib, qadriyat darajasiga ko‘tarilib kelayotgan an’analarimizdan biri.
Shu ma’noda daraxtlarni ko‘paytirish, ularning turi va xilma-xilligini yanada oshirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni hayotga joriy etishda Siz — aziz nuroniylarning muhim hissangiz bor!
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 10 dekabriga qadar mahallalarimizda daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
Hurmatli nuroniy otaxon va onaxonlar!
Biz sizlarning ko‘p yillik hayotiy tajribalaringiz hamda ona tabiatimizga bo‘lgan mehringizni yuksak g‘urur bilan e’tirof etgan holda, ushbu tashabbusda faol ishtirok etishingizni so‘rab qolamiz.
Xususan, joylarda olib borilayotgan obodonlashtirish va daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ishlari bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, mas’ul tashkilotlar xodimlariga har tomonlama ko‘mak berishda sizlarning boy hayotiy tajribalaringiz, xayrixohligingiz bugun har qachongidan ham muhimdir.
Shuning bilan birga, yoshlarda tabiatga bo‘lgan muhabbat hissini yuksaltirish, aholi orasida ekologik madaniyatni yanada rivojlantirish borasida Siz - piru badavlat nuroniylarimiz, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollarimizga suyanamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekiston – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatimizning gullab-yashnashi, ona tabiatimizni asrash va vatandoshlarimiz salomatligini yanada yaxshilash yo‘lidagi ushbu ezgulik harakatida faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi