Ona vatanimiz – O‘zbekiston tinchlik va osoyishtalik mamlakatidir. Tinch yurtda esa rivojlanish va taraqqiyot bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrash, uni himoya qilish yosh-u keksaning muqaddas burchiga aylangan. Xalqimizning osoyishtaligini asrashda ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmatlari alohida. Mamlakatimizda 25 oktabr sanasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida nishonlanishi soha xodimlarining xizmatlari yuksak qadrlanayotganidan dalolatdir. Har yili ushbu sana munosabati bilan soha xodimlari ishtirokida bayram tadbirlari tashkil etilib, tinchligimiz posbonlarining kasb bayramlari munosib nishonlanadi.
Qolaversa, bu yil mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. Shu sababli bu gal soha xodimlarining kasb bayrami har doimgidan ham ko‘tarinki ruhda, keng tarzda nishonlanmoqda.
Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda kun-u tun fidoyilik namunalarini ko‘rsatayotgan, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olishdek sharafli va mas’uliyatli burchiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun 6 noyabr kuni Mang‘it shahridagi Madaniyat markazida katta bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram tadbirida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari, Ichki ishlar bo‘limida turli yo‘nalishlarda xizmat qilayotgan xodimlar, sohada uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan faxriylar ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, barcha ichki ishlar idoralari xodimlarini kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi. Tuman hokimi tabrik nutqida el-yurt tinchligini asrash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, bir so‘z bilan aytganda, muqaddas zaminimizdagi tinch va osuda hayotni ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarini sharaf bilan ado etayotgan tinchlik posbonlariga ulkan zafarlar yor bo‘lishini, mustahkam sog‘liq, uzoq umr, baxt-saodat, xonadonlariga qut-baraka, sermashaqqat faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, bayram tadbirida ichki ishlar sohasida uzoq yillar mobaynida fidokorona mehnat qilib kelayotgan faxriylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV faxriylar kengashi kotibi, iste’fodagi podpolkovnik Abdulla Yo‘ldashev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri, iste’fodagi podpolkovnik Erkin Rajabovlar so‘zga chiqib, barcha hamkasblarni bayram bilan tabrikladilar.
Mehnat faxriylari ta’kidlaganlaridek, bugun ichki ishlar idoralari xodimlariga berilayotgan e’tibor, shu barobarida soha xodimlarining mas’uliyati har doimgidan yuz karra oshgan. Ularning xizmatlari tufayli yurtimiz tinch, ko‘ngillarimiz xotirjam, farzandlarimiz baxtiyor. Ichki ishlar idoralari safida burchiga sodiq, Vatan uchun jonini ham berishga tayyor haqiqiy yurt himoyachilari, fidoiy xodimlar soni tobora ortib bormoqda.
Shundan keyin sohada samarali faoliyat olib borayotgan, hamkasblariga namuna bo‘layotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari tuman hokimligining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ashula va raqs ansambli, tuman Madaniyat bo‘limining estrada xonandalari va sozandalari ijrosidagi ajoyib kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi. Vatan, do‘stlik, tinchlik, sevgi-muhabbat, shukronalik mazmunidagi bir-biridan sho‘x-shodon taronalar bayramga ko‘tariniki ruh bag‘ishlab, barcha yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Shundan so‘ng tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari uchun “Nur” to‘yxonasida katta bayram dasturxoni yozildi. Soha xodimlari bayram dasturxoni atrofida dildan suhbat qurib, maroqli hordiq chiqardilar.
Fursatdan foydalanib, kunlarni tunlarga, tunlarni tonglarga ulab, Vatanimiz tanchligi, osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan barcha ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklaymiz! Siz bor ekansiz, yurtimiz tinch va hayotimiz farovon bo‘ladi, aziz posbonlar!
Tuman hokimligining Axborot xizmati.