Amudaryo tumanida aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish masalalariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Navbatdagi lavhamizda To‘lqin ovulidagi bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi izchil islohotlar tufayli xalqimizning hayoti va turmush darajasi tobora yuksalib borayapti. Bunda muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan joylarda aholi turmushidagi muammolar chuqur o‘rganilib, ijobiy hal etilayotganligi puxta zamin bo‘layotir.
Bugungi kunda mamlakatimizning qaysi bir burchagiga bormang, obod ko‘chalar, biri-biridan ko‘rkam, muhtasham binolar va o‘ziga xos ko‘kalamzor, fayzli manzaralarni ko‘rasiz.
Tumanimizning To‘lqin ovuli aholisi azal-azaldan mehnatkash, omilkorligi bilan ma’lum. Ular o‘z mehnatlari tufayli o‘z turmushlarini farovon, obod qilib yashashmoqda. Hududda o‘zbek, qoraqalpoq, rus, turkman, tatar, qozoq koreys kabi millatlarga mansub jami 8170 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 795 nafarini pensionerlar, 410 nafarini korxona va tashkilotlarda ishlovchilar, 29 nafarini tadbirkorlik faoliyati bilan band bo‘lganlar, 684 nafarini qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar, 112 nafarini mamlakatimizdagi turli oliygohlarda o‘qiyotgan talabalar, 16 nafarini ishlayotgan pensionerlar tashkil etadi.
Ovulda 109 ta turli toifadagi ko‘chalar mavjud bo‘lib, barchasi obodonlashtirilgan, ko‘kalamzorlashtirilgan. Aholi farzandlari 4 ta maktabgacha ta’lim, 3 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qamrab olingan va ularga bugungi kun talablariga muvofiq ta’lim-tarbiya berilmoqda.
Aholiga 1 ta muhalla guzari, 12 ta savdo do‘konlari, 1 ta to‘yxona, 2 ta umumiy ovqatlanish shahobchasi, 2 ta zamonaviy uslubda qurilgan sport maydonchalari xizmat ko‘rsatadi. 17 fermer xo‘jaliklari ovul aholisining ish bilan bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.
Ovul fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimlari aholining munosib turmush sharoitlarda yashashi, moddiy ko‘makka muhtoj oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga sharoit yaratish, hududda ijtimoiy ma’naviy muhitni yaxshilash, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan alohida ish olib borish va qo‘llab-quvvatlash, oilalar tinch-totuvligini, aholi orasida yaqin qo‘shnichilik, mehr-oqibatni mustahkamlashga alohida e’tibor berishmoqda.
Keyingi yillarda ovulda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ikkita zamonaviy mini futbol maydonchasi qurildi, sutni qayta ishlash, non pishirish sexlari, 4 ta oziq-ovqat do‘koni qurilib ishga tushirildi. “Xo‘ja bobo” qadristoniga hashar yo‘li bilan nazorat punkti xonasi qurildi. “Kallali bobo” qabristoniga boriladigan yo‘lning 1 kilometr qismiga hashar yo‘li bilan tosh yotqizildi. Tadbirkorlar tomonidan ikkita suvni tozalash shahobchasi, avtomobil yuvish shahobchasi qurilib, ishga tushirildi. Elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish uchun 3 ta yangi transformator qo‘yildi, 33-sonli maktabga o‘quvchilar qatnaydigan yo‘l chetiga asfalt yo‘lakcha qurilmoqda.
Ovulda tomorqa yerlardan unumli foydalanilayotganligi alohida ahamiyat kasb etadi. 1403 ta xonadonlarning 235 gektar tomorqa yeri mavjud. Ushbu yerlarni fuqarolar ulkan daromad manbaiga aylantirishga. 19 ta xonadonda issiqxonalar mavjud. Bundan tashqari aholi chorvachilik, parrandachilik bilan ham shug‘ullanishadi. 8 ta xonadonda 86 ta asalari oilalari parvarish qilinmoqda.
Ovul aholisining holidan xabar olish, turmushidagi yangiliklarni, muammolarni o‘rganish maqsadida ovul fuqarolar yig‘ini oqsoqoli Rashid Abdugaliyev, raisning huquqiy targ‘ibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, profilaktika inspektori Ravshanbek Qalandarov, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Gavhar Bobotoyeva, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alijon Eshalovlar aholi xonadonlarida bo‘lib, suhbatlar olib boradilar.
Shu yilning 4 noyabrida keksa onaxonlarning istaklariga ko‘ra bir guruh mehnat faxriylarining ko‘hna Chilpiq qo‘rg‘oniga sayohati tashkil etildi.
Onaxonlar o‘zlariga qaratilgan e’tibor uchun ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullaridan mamnun bo‘ldilar. Turli bayramlar, muhim sanalar munosabati bilan tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarga ovul aholisi to‘la qamrab olinayapti.
Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar ovul aholisi hayoti tinch-osoyishta, obod bo‘lishini ta’minlayotir.
Oygul Rajabova