Olmazor va Gulzor mahallalari hududidagi yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2020 yilning 11 noyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish maqsadida “2020 — 2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qarorda 2020 — 2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, ulardan biri bo‘lgan muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida qator vazifalar belgilab berildi.

Amudaryo tumanida bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, yo‘l-transport infratuzulmasini rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumandagi Olmazor va Gulzor mahallasi hududlariga salomatlik yo‘lakchasini qurish bo‘yicha 7,1 km uzunlikdagi velosiped va piyodalar yo‘lakchasini hamda 1,6 km uzunlikdagi avtomobil yo‘liga asfalt qoplamasini yotqizish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu calomatlik yo‘lakchasini qurish ishlari pudratchi tashkilot “Jayhun yo‘l qurilish” MCHJ tomonidan olib borilmoqda.

Hozirda mazkur pudratchi tashkilot tomonidan Olmazor va Gulzor mahallasi hududlariga 5 km uzunlikda velosiped va piyodalar yo‘lakchasi  qurilishi o‘z nihoyasiga yetkazilgan bo‘lib, 1,6 km uzunlikdagi avtomobil yo‘liga asfalt qoplamasi yotqizilgan. Olmazor va Gulzor mahallalari hududidagi Barkamol avlod ko‘chasi shaharning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lib, ushbu ko‘chadan o‘tuvchi yo‘lning ta’mirlanishi hamda asfalt qoplamasi yotqizilishi, hudud aholisi, piyodalar va avtomobil boshqaruvchilari uchun katta qulayliklar yaratdi.

Ushbu ko‘chada tumandagi qator maktabgacha ta’lim muassasalari, 82-sonli umumta’lim maktabi, Xotira maydoni va Istirohat bog‘i, tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi binosi joylashgan bo‘lib, piyodalar va transport vositalari eng ko‘p harakatlanishlarni amalga oshiradigan hudud hisoblanadi. Hududdagi yo‘l ancha ta’mirtalab holga kelib qolganligi sababli aholi vakillari hamda transport vositalari boshqaruvchilari uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Yo‘lning ta’mirlanganligi hamda velosiped va piyodalar yo‘lakchasining qurilgani markaziy ko‘chada kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning, transport vositalari, piyodalar bilan sodir etilishi mumkin bo‘gan nohush holatlarning oldi olindi.

Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida aytish kerakki, joriy yilda tumandagi ta’mirtalab holga kelib qolgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Tumandagi jami 14 ta mahallalar hududlarida loyiha qiymati 9 mlrd. 432,7 mln so‘m bo‘lgan 41,235 km ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan. Ushbu rejani amalga oshirish bo‘yicha pudratchi tashkilotlar tomonidan 7 mlrd. 787,4 mln.so‘m mablag‘ hisobidan 5,252 km ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi va 35,91 km ichki yo‘llarga tosh yotqizish ishlari bajarilgan.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.