O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Majburiy tibbiy qo‘riqdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” buyrug‘i qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan shu yil 2 noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Buyruqqa ko‘ra majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxati tasdiqlandi. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxatiga davolash-profilaktika muassasalarida, ya’ni tug‘ruqxonalar, tug‘ruq, chaqaloqlar patologiyasi va chala tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limlarida chaqaloqlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar kiritildi. Bunday ishlarni bajaradigan kasblar egalari, ya’ni akusherka, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorga qarash bo‘yicha kichik tibbiyot hamshira, bolalar taomlari va parhez taomlari oshpazi, sanitarkalar, bufetchilar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart.
Ro‘yxatga bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha davolash-profilaktika muassasalari, shu jumladan bolalarga mo‘ljallangan sog‘lomlashtirish, jismoniy rivojlantirish, sihatgoh va reabilitatsiya maskanlarida, profilaktoriyalarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar ham kiritilgan. Undan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va bolalar uylarida bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar, maktabgacha yoshdagi bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’lim va sport muassasalarida, shuningdek, ushbu maqsadlarda tashkil etilgan to‘garaklarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlar ham ushbu ro‘yxatga olingan.
Mazkur ro‘yxatda nazarda tutilgan ishlarda ishlovchi shaxslar, ya’ni tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorga qarash bo‘yicha kichik tibbiyot hamshira, bolalar taomlari va parhez taomlari oshpazi,bufetchi va sanitarkalar, to‘garak rahbari, o‘qituvchi, logoped, o‘qituvchi logopedlar belgilangan muddatlarda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart bo‘lib, ular tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra sil kasalligiga chalinmagan deb topilgan taqdirdagina, bunday ishlarga qo‘yiladi.
M.Matyusupov, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i.