O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Joriy yilning 8 noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri Mahmudjon Sodiqovlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tumandan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar. Yig‘ilishni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi hamda olib bordi.

Mazkur yig‘ilish kun tartibida 2022 yil budjet parametrlari mo‘ljallari muhokamasi to‘g‘risidagi masala muhokama etilib, mavzu yuzasidan mas’ullarning ma’ruzalari, yig‘ilish ishtirokchilarining fikr-mulohazalari tinglandi hamda savollarga javoblar berildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov so‘zga chiqib, 2021 yilning 11 noyabr sanasida davlatimiz rahbari ishtirokida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda budjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berilgani xususida to‘xtaldi.

Ta’kidlanishicha, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash eng asosiy tamoyillar sifatida belgilanib, ular budjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo‘lishi, shu bois kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan.

Xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga katta mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu sohalarda 55 ta yangi dasturlar amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, chekka joylarda 1 ming 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi ko‘plab chora-tadbirlar mo‘ljallangan.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri Mahmudjon Sodiqov so‘zga chiqib, davlat budjeti loyihasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham keng o‘rin berilganligi, uy-joylar va ijtimoiy ob’ektlar qurish, mahallalarni obod etish chora-tadbirlari uchun katta mablag‘lar ajratilishi rejalashtirilganligi xususida to‘xtaldi.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri Mahmudjon Sodikov rejalashtirilayotgan mablag‘larni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish lozimligi, shu maqsadda har bir dastur bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bog‘lagan holda, elektron nazorat tizimi joriy etilishi ko‘zlanayotgani, budjet tizimida moliyaviy nazorat kuchaytirilayotgani, temir intizom bilan davlat xaridlari tizimida oshkoralikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda mavzu yuzasidan deputatlar hamda ishtirokchilar tomonidan qator savollar yo‘llandi. Mas’ullar savollarga tegishlicha javoblar keltirdilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.