TUMAN XALQ QABULXONASI – MUAMMOLARNI HAL ETISHDA AHOLIGA YAQIN KO‘MAKCHI

Туман янгиликлари

Xalq qabulxonalari aholining hayotiy muammolari tezkorlik bilan hal etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Olis hududlarda yashaydigan fuqarolarning ham og‘iri yengil bo‘lib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortmoqda. Qabulxonalarda fuqarolarning ariza va shikoyati belgilangan tartibda, xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilayotgani, ijobiy hal etilayotgani mamlakatimizda inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotganining yana bir yorqin ifodasidir.

Tuman Xalq qabulxonasi tomonidan ham aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash borasida samarali ishlar amalga oshirilib, xalqimizning davlatdan rozi bo‘lib yashashi ta’minlanmoqda, ular uchun farovon turmush tarzi yaratilishiga yaqindan ko‘mak berilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida tuman Xalq qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 966 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan, 846 tasi yozma, 103 tasi og‘zaki, 10 tasi elektron va 7 tasi videokonferensaloqa davomida kelib tushdi. Ularni qonunchilikka qat’iy rioya qilgan holda, o‘z vaqtida, xolis ko‘rib chiqish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq hamda erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish Qabulxona xodimlari zimmasidagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Shu bois murojaatlardan birontasi e’tibordan chetda qolmadi.

Ushbu murojaatlardan 906 tasi hududdagi tashkilotlarga, 39 tasi yuqori tashkilotga yuborilgan, qolgan 21 tasi Xalq qabulxonasida ko‘rib chiqish uchun qoldirildi. Mazkur murojaatlarning 923 tasi, ya’ni 98 foizi qanoatlantirildi. Shundan, 844 tasiga ijobiy yechim topishga ko‘maklashildi, 78 tasiga huquqiy maslahat va ma’lumotlar berildi, 1 tasi uzoq muddatli nazoratga olinib, 22 tasiga asosli tushuntirishlar berildi. Qolgan 21 ta murojaatlar ayni paytda qo‘shimcha o‘rganish jarayonida.

Tuman Xalq qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan eng ko‘p kelib tushgan murojaatlar ish bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, moddiy yordam va aliment undirish masalalaridir. Asosiy maqsad “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni hayotda qaror toptirishdan iborat bo‘lgan tuman Xalq qabulxonasi tomonidan aholini qiynayotgan bunday masalalar yechimiga ko‘maklashish maqsadida o‘tgan davr mobaynida tumandagi sektor rahbarlari ishtirokida jami 137 marotaba sayyor qabullar tashkil etildi. Qabullar davomida 226 nafar fuqaro tomonidan 236 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan, 179 ta murojaat qanoatlantirildi. Qolgan 51 nafar fuqaroning murojaatlariga asosli tushuntirish berildi, 6 nafar fuqaroning murojaati tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

  Undan tashqari, tumandagi kam ta’minlangan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan extiyojmand oilalarni holidan xabar olish kabilar ham amalga oshirildi. Bunday tadbirlar davomida 51 ta oila farzandlariga yangi oyoq kiyimlar, 21 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari va bir martalik pul mablag‘lari berildi.

  Shu bilan birga, tumandagi 3-sektor rahbari bilan hamkorlikda Jumurtov shaharchasi hududida eski bino qayta ta’mirlab berilib, joriy yilning iyun oyidan boshlab, tikuv sexi tashkil qilindi. Bugungi kunda mazkur tikuv sexi faoliyati yo‘lga qo‘yilib,  15 nafardan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Aytish joizki, tumandagi Xalq qabulxonasi davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda alohida o‘rin tutib aholining eng yaqin ko‘makchisiga aylandi. Mazkur tashkilot xalqimizning hayotdan rozi bo‘lishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

E.Rajabov, tuman Xalq qabulxonasi mudiri.