10 noyabr kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman kengashining navbatdagi 40-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya majlisida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari mas’ullari, bo‘limlar, tijorat banklari rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala – Amudaryo tumanini 2021 yil oktabr oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash ko‘rsatkichlari natijalari hamda hudud darajasida hal etiladigan muammolarni bartaraf etish choralari yuzasidan tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ma’murjon Temirboyevning hisoboti tinglandi.
Hisobotda tumanda sanoat ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil qilish va mavjudlarini kengaytirish, zamonaviy savdo komplekslari va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mehnat bozorining samaradorligi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi ko‘rsatkichlari, ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy soliqlarning yig‘uvchanlik ko‘rsatkichlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va
ma’lumotlarning ochiqligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha 2021 yil yakuniga qadar amalga oshirilish rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar hususida keng turda ma’lumot berdi.
Sessiyada O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tumani bo‘limi boshlig‘i Jasurbek Davletovning yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi to‘g‘risidagi masala yuzasidan axboroti tinglandi.
Axborotda tumanda har tomonlama ko‘makka muhtoj 6753 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, moddiy, ma’naviy, ijtimoiy yordam berish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida 6599 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”da chiqarilganligi, ayni paytda ular hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun harakat qilayotgani hamda oilasiga daromad olib kelayotgani xususida ma’lumotlar keltirildi.
Shundan so‘ng sessiya ishida tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Baxtiyar Urazovning tumanda 2021 yil 10 oyi davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoiy holatlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Hisobotda keltirilishicha, tuman IIB xodimlari tomonidan jamoatchilik vakillari va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda qator tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan tumanda umumiy jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan oshgan. O‘tgan 10 oy davomida oldi olinishi mumkin bo‘lgan, mahallalar hududida sodir etilgan jinoyatlar taxlilida 18 ta mahallalar “qizil” toifadagi, 11 ta mahallalar “sariq” toifadagi mahallalarga ajratilib, ularda profilaktik tadbirlar yanada kuchaytirilayotgani, 20 ta mahallalarda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilmagani qayd etildi.
Sessiya kun tartibidagi bo‘shagan o‘ringa Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risidagi masala yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashining Qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Muzaffar Yeshchanov axborot berdi.
Axborotda xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining bo‘shab qolgan 23-Bobur saylov okrugida deputat saylovini o‘tkazish uchun okrug hududida 129-, 130-, 131-, 132-uchastka saylov komissiyalari tuzilishini hisobga olib Z.M.Bobur ovuli va Jumurovul mahalla fuqarolar yig‘inlari kengashining majlislari hamda okrug hududlarida joylashgan umumta’lim maktablari jamoalarining yig‘ilishlarida uchastka saylov komissiyalari tarkibiga tavsiya qilingan nomzodlar ro‘yxati bilan tanishtirildi hamda uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Sessiya ishida kun tartibidagi Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 76-sonli hamda 87-sonli maktablarda bo‘sh (vakant) direktor lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodlarga kelishim berish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Deputatlar 76-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga nomzod Davronbek Ruzmetov va 87-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga nomzod Samad Djallayevlarning kelgusi 3 yilda amalga oshiradigan ishlari bo‘yicha dasturlarini tingladilar.
Nomzodlarning dasturlari o‘qib eshittirilganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya qilingan nomzodlarga kelishim berish bo‘yicha yashirin ovoz berish jarayoni tashkil etildi. Dastlab deputatlar orasidan sanoq komissiyasi tuzildi va yashirin ovoz berish byulletenlari tarqatildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 76-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Davronbek Ro‘zmetovni hamda 87-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Samad Djallayevni tayinlash to‘g‘risidagi tavsiyasiga kelishim berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan deputatlar va sessiya ishtirokchilarining fikr-mulohazalari tinglandi hamda hisobotlar va axborotlar yuzasidan berilgan savollarga tegishlicha javoblar qaytarildi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.