Tumanimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlari tizimli davom ettirilmoqda

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tabiatni asrash va ekologik holatni yaxshilash maqsadida  daraxt ekish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish maqsadidagi yig‘ilishda daraxtzorlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilib, shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi. Yurtimizning har bir hududida ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlar davom etmoqda.

Amudaryo tumanida ham Prezident tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi va loyiha doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik”da mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Ushbu savobli ishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev boshchiligidagi barcha mutasaddi rahbarlar, har bir muassasa, korxona-tashkilotlar xodimlari hamda aholi vakillari faol ishtirok etmoqdalar.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman kengashi mas’ullari hamda partiya faollari Choyko‘l ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklari ekin maydonlari chetlariga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlarida faol ishtirok etdilar. Bugungi kunda hayotimizda ekologik muammolar tobora avj olayotganini, tabiatni asrash va ekologik holatni yaxshilashda daraxt ekishning ahamiyatini chuqur anglagan holda partiya faollari ushbu savobli tadbirga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.

Shu o‘rinda ma’lumot tariqasida aytish joizki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Amudaryo tumanida jami 1 mln 159 ming dona kuzgi va bahorgi daraxtlar ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Shundan 434600 donasi 2021 yil kuzda ekiladigan, 724400 donasi bahorda ekiladigan daraxtlar ko‘chatlari hisoblanadi. Daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari doirasida tumandagi 9,6 km yo‘llarda tomchilatib sug‘orish joriy etilishi hamda yo‘llar chetlarini ko‘kalamzorlashtirish maqsadida yo‘llar yoqalariga 2200 dona ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumandagi qishloq xo‘jaligi yerlarida ihota daraxtzorlar barpo etish maqsadida, 98 ta fermer xo‘jaliklari ekin yer maydonlari chetlariga, ijtimoiy soha obektlari hududlariga, korxona va xizmat ko‘rsatish obektlari hududlariga, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi hududlariga, mahallalar va ko‘chalarga daraxtlar ko‘chatlarini ekish ishlari hamjihatlik bilan olib borilmoqda.

Qolaversa, tumandagi aholi xonadonlarida 10 turdagi 316 ming 100 dona mevali daraxtlar ko‘chatlari, 30 ming dona uzum ko‘chatlarini ekish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, aholi vakillari ham xayrli ishda faol ishtirok etmoqdalar.

Aytish kerakki, tumanimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda hamda mevali va manzarali ko‘chatlar yetkazib berishda Qipchoq davlat o‘rmon xo‘jaligi tizimli faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi tuman kengashi mas’ullari o‘rmon xo‘jaligiga borib, xo‘jalikda yetishtirilayotgan ko‘chatlarning holati, turlari hamda xo‘jalik faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Hozirda xo‘jalikda 1 mln 200 dan ortiq turli ko‘chat hamda nihollar yetishtirilayotgan bo‘lib, ularning 200 mingdan ortig‘i mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlaridir. Xo‘jalik mas’ullari “Dolzarb 40 kunlik”da daraxt ko‘chatlarini o‘z vaqtida yetkazib berishda mashaqqatli mehnat qilib, loyihani amalga oshirishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.