Mamlakatimizdagi Bosh Vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash, biznes vakillarining faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining tadbirkorlikka ishtiyoqini yanada rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amudaryo tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan ham Prezidentimizning “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tuman idoralarining vakillaridan iborat ishchi guruhi, shtab, vakolatli organlar vakillari, shuningdek, Tadbirkorlar jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 1 noyabrigacha Qabulxona tomonidan hududlarda 38 ta sayyor qabullar tashkil etildi. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda o‘tkazilgan suhbatlar davomida jami 219 ta masala bo‘yicha 217 ta murojaatlar ro‘yxatga olindi. Ushbu murojaatlarning 14 tasi O‘zbekiston Respublikasi miqyosidagi, 58 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosidagi, 147 tasi tuman miqyosidagi masalalar bo‘lib, murojaatlarning 42 tasi o‘tkazilgan sayyor qabullar orqali, 55 tasi bevosita qabulxonaga murojaat qilish orqali, 113 tasi “Ishonch telefoni” orqali, 7 tasi business.gov.uz portali orqali elektron tarzda kelib tushgan.
Ro‘yxatga olingan murojaatlar asosidagi 219 ta masalalardan 154 tasi qanoatlantirildi, 63 tasiga tushuntirishlar berildi, 2 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
Murojaatlar asosan kredit masalasida bo‘lib, ular 105 tani tashkil etadi. Shu jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 78 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 58 tasi qanoatlantirildi, 18 tasiga tushuntirish berildi, 2 tasi ko‘rib chiqish jarayonida. Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga kredit olish bo‘yicha 27 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 20 tasi qanoatlantirildi, 7 tasiga huquqiy maslahat berildi.
Yer, kadastr va arxitektura qurilish masalalari bo‘yicha 26 ta murojaat qabul qilindi. Tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish masalasida 24 ta murojaat kelgan bo‘lsa, shundan 9 tasi qanoatlantirildi, 15 tasiga huquqiy maslahat berildi. Bino-inshootlar masalasi bo‘yicha 1 ta murojaat kelgan bo‘lib, u bo‘yicha murojaat egasiga huquqiy maslahat berildi. Fermerlik yerlari masalasi bo‘yicha kelib tushgan 1 ta murojaat bo‘yicha ham huquqiy maslahat berilib tushuntirildi.
Infratuzilma masalalari bo‘yicha kelib tushgan 9 ta murojaatdan, 7 tasi qanoatlantirildi, 2 tasiga huquqiy maslahat berildi. Soliq masalalari bo‘yicha 4 ta murojaat ijobiy hal etildi. Ruxsatnoma va litsenziya masalalari bo‘yicha 6 ta murojaatdan, 4 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 2 tasiga huquqiy maslahat berildi. shuningdek, boshqa masalalar bo‘yicha ham 69 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 51 tasi qanoatlantirildi, 18 tasi bo‘yicha esa huquqiy tushunchalar berildi.
Tumandagi Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan korxona va tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish mobaynida muddat buzilishi, yuzaki ko‘rib chiqish holatlari bo‘yicha mansabdor korxona-tashkilot rahbarlariga muddatlarning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan shart-sharoitlar va ularni bartaraf etish yuzasidan 7 ta taqdimnomalar kiritildi. Qabulxona huzuridagi tadbirkorlarning Jamoatchilik kengashi tomonidan, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolar har oyda tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga 11 ta takliflar kiritildi.
Qabulxona tomonidan Xizr eli mahallasida yashovchi O‘rozgul Xolmurodovaning joriy yil 23 avgust kungi, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati nazoratga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Murojaat 5 ish kunida ijobiy hal etilib, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochishga ruxsat berildi. Hozirgi kunda yakka tartibda faoliyat yurituvchi tadbirkor O‘rozgul Xolmurodova “Oynura” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va mahalladagi 25 nafar yosh bolalarni maskanga qabul qilib, ta’lim-tarbiya ishlarini boshlab yubordi.
Xolimbeg ovul fuqarolar yig‘inida non va non mahsulotlari tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan “Xolimbeg nonlari” oilaviy korxonasi rahbari Ikrom Rajabovning elektr energiya uzilishlarini bartaraf etishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati qabulxona tomonidan nazoratga olindi. Qabulxona ko‘magi bilan ushbu murojaat Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijobiy hal etildi. Mazkur korxona rahbarining shu yil 13 sentabr kungi “non ishlab chiqarish faoliyatiga davlat standartidan o‘tkazish sertifikatini olish maqsadida ortiqcha o‘tkazilgan boj to‘lovini qaytarib ololmayotganligi” bo‘yicha qilgan murojaati ham qabulxona tomonidan nazoratga olinib, ortiqcha o‘tkazilgan mablag‘ tadbirkorning hisob raqamiga qaytarib berildi va murojaat ijobiy hal etildi. Qabulxona xodimlari aralashuvi bilan bu muammo ham bartaraf etilib, ayni paytda korxona to‘la quvvat bilan faoliyat ko‘rsata boshladi.
Tumandagi Bosh vazir qabulxonasi va uning huzurida tashkil qilingan jamoatchilik kengashi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishda tadbirkorga yaqin ko‘makchi bo‘lishga intilmoqda. Bu orqali hududni har jihatdan rivojlantirish, xalqning turmushini yanada farovon qilishdek ezgu ishlarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Muzaffar O‘rozboyev, Bosh vazirning tumandagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi yetakchi mutaxassisi.