Har bir davlat o‘zining taraqqiyot va rivojlanish yo‘lini o‘zining Asosiy Qonunida mustahkamlab qo‘yadi. 1992 yilning 8 dekabrida respublika Oliy Kengashining sessiyasida mustaqil davlatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyasi qabul qilingan edi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrlarida Qabul qilingan Konstitutsiyamizda shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlari belgilab berilgan.
Bosh Qomusimiz jinsi, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha fuqarolarni tengligining kafolatlanishini e’tirof etadi.
Shu boisdan Asosiy Qonunimizni ulug‘lab, har tomonlama chuqur o‘rganib, unga izchil amal qilish barchaning sharafli burchidir.
Fuqarolar erkin, baxtli va osoyishta yashashi, munosib sharoitlarda mehnat qilishi, keksaygan chog‘ida ijtimoiy ta’minot olish kabi huquqlari kafolati hisoblanmish Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun har yili yurtimizda ulkan tantalar bilan nishonlanadi.
Joriy yilning 7 dekabr kuni tuman Madaniyat bo‘limi tomoshalar zalida “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” deb nomlangan tadbir ham aynan ushbu sanaga bag‘ishlandi.
Tadbirga tuman hokimligi mas’ul xodimlari, huquqiy muhofaza qiluvchi organlari, korxona, tashkilotlar rahbarlari, mehnatda ulkan yutuqlarga erishayotgan yoshlar, jamoatchilik faollari taklif etildi.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, mamlakatimizda nishonlanayotgan muhim sana – Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yilligi bilan barchani qizg‘in qutladi va mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolar hayotida ushbu muhim hujjatning nechog‘lik ulkan ahamiyatga ega ekanligi xususida gapirdi. Barchani shunday tinch va osoyishta, dorilomon hayotni qadrlab, o‘zaro ahillikda yashashga chaqirdi, bugungi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, ularda fidoyilik bilan ishtirok etishga chaqirdi.
Shundan so‘ng tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘’minjon Matyusupov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yurtimiz taraqqiyotining poydevori, tinch va farovon kunlarimiz asosi bo‘lgan asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yillik bayrami bilan qizg‘in qutladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi va bayram tantanalari boshlandi.
Bosh Qomusimiz – bu istiqlol va mustaqil O‘zbekiston ramzi, g‘urur-iftixori, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi va tilidan qat’i nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyati istiqbolini belgilab beruvchi dasturilamal hujjatdir.
O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.
Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.
Bayram tadbiridagi musiqiy dasturdan o‘rin olgan yurtimizni, baxtiyor hayotni, tinchlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, raqslar barchaga zavq bag‘ishladi.
Tuman Madaniyat bo‘limi xodimi Nasiba Eshchanova ssenariysi asosida tayyorlangan bayram dasturi ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan bayram tadbirlari tumandagi muassasa, korxona va tashkilotlarda, ovul va mahallalarda davom etmoqda.
Oygul RAJABOVA.