2021 yil 17 dekabr kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya ishida tuman Kengashin deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiya kotibligiga 14-Paxtakor saylov okrugidan deputat Tamara Yusupova saylandi.
Sessiya kun tartibiga tuman hokimining 2021 yil davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda kelgusi 2022 yilgi rejalarga bag‘ishlangan murojaati to‘g‘risidagi masala havola qilinadi.
Ma’lumki, amaldagi qonunchilikka muvofiq yil yakunida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarini o‘tkazish hamda ushbu sessiyalarda hokimlarning tegishli hududlarni joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va kelgusi yilgi rejalar to‘g‘risida murojaat qilishlari belgilangan.
Senat tavsiyasiga ko‘ra sessiyaga Kengash deputatlardan biri raislik qilishi tavsiya qilingan. Shunga asosan tuman Kengashining 8-Bo‘ston saylov okrugidan deputati Maxsud Sadullayev sessiyani ochdi va olib bordi.
Sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqdi va murojaat yo‘lladi.
Murojaatda tuman hokimi 2021 yilda yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati natijasida barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilganini ta’kidlab o‘tdi.
Yil yakunlari bo‘yicha o‘tgan yil bilan solishtirganda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 108 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 103,8 foizga, investitsiyalar 106,7 foizga, qurilish ishlari 105,1 foizga, chakana savdo 106 foizga va xizmatlar ko‘rsatish 123,1 foizga o‘sishi kutilayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlik sohasining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi natijasida joriy yilning 1 dekabr holatiga 272 ta kichik biznes sub’ektlari hamda 449 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar yangidan faoliyat boshladi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 11 oy davomida 1603 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 42 mlrd. so‘m miqdorida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi.
Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 97,1 mlrd. so‘mlik 67 ta loyihalar ishga tushirilib, 2041 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
O‘tgan 11 oy davomida 6,1 mln. AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122 foiz o‘sish sur’ati qayd qilindi. 11 oy davomida 9 mln. AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilindi.
O‘tgan 11 oyi davomida aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan 3954 nafar fuqarolar ishga joylashtirilgan.
Tibbiyot muassasalariga tibbiy asbob-uskunalar olish uchun 297,4 mln. so‘m, birgina dekabr oyining o‘zida mahalliy byujet mablag‘lari hisobidan 1,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Tuman hokimi o‘z murojaatida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turga ehtiyojmand fuqarolar va oilalarning daromad manbalarini yaratish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
Yakuniga yetayotgan yilda 29 ta maktablar binolarida 18,4 mlrd so‘mlik, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 4,9 mlrd. so‘mlik qurilish-tamirlash ishlari amalga oshirilgani ta’kidlandi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 5 ta umumta’lim maktablarida 2,6 mlrd so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Mang‘it shahrining “Gulzor” massivida umumiy qiymati 16,1 mlrd. so‘mlik 150 xonadonli 5 qavatli 3 ta arzonlashtirilgan uy-joylar qurilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan yangi tartib asosida 2 ta 5 qavatli 30 xonadonli ko‘p qavatli turar-joylar qurilmoqda.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tumanni 2022-2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, kelgusi yillarda umumiy qiymati 2,7 trln. so‘m bo‘lgan 217 ta loyihalar amalga oshiriladi va 5 714 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eksport hajmi 143,5 mln. dollarga, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 69,6 mln. dollarga, byudjetga tushumlar 172,5 mlrd. so‘mga yetkaziladi.
Kelgusi yillar davomida 32 ta maktab, 21 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari, tibbiyot birlashmasiga qarashli 6 ta binolar rekonstruksiya qilinadi va 44 ta ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. “Obod qishloq” dasturi doirasida 277 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshiriladi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish natijasida 5 yil davomida 20,8 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi, maktablar quvvati 4,3 ming o‘ringa oshiriladi, maktabgacha yoshdagi bollar qamrov darajasi 80 foizga yetkaziladi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jami 9 992 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.
Tuman hokimining murojaatidan keyin deputatlar savollar bilan murojaat qildilar. Doimiy komissiyalar raislari, faol deputatlar so‘zga chiqib, tuman hokimining murojaati bo‘yicha fikrlarini bayon qildilar.
Savol-javoblar va muhokamalardan keyin kun tartibidagi masala bo‘yicha qaror loyihasi o‘qib eshittirildi. Tuman hokimining 2021 yil davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda kelgusi 2022 yilgi rejalarga bag‘ishlangan murojaati bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashining qarori loyihasi o‘qib eshittirildi va deputatlar tomonidan tasdiqlanib, qabul qilindi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan masala atroflicha ko‘rib chiqildi va shu bilan tuman Kengashining 43-sessiyasi o‘z ishini yakunladi.
Sessiyadan keyin Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldoshevning xalqqa murojaati bo‘yicha brifing tashkil qilindi.
Brifingda sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Brifingda “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi mas’ul kotibi Ozoda Xudoyberganova kelgusi yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan hududlarda qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgani haqida, bloger Fotima Eshimbetova mahalliy byudjet mablag‘larining sarflanishi va “Fuqarolar uchun ochiq byudjet” loyihasining byudjet mablag‘larini adolatli va shaffof taqsimlashdagi ahamiyati haqida, “Mening oilam” gazetasi maxsus muxbiri Robiya Yo‘ldosheva ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida yer berish jarayoni qanchalik shaffof bo‘lishi va beriladigan yerlar qanchalik manzilli bo‘lishi haqida, Amudaryo televideniyesi maxsus muxbiri Komronbek Kamolov kelgusi yillarda tuman hududida quriladigan uy-joylar aholining qanday qatlamiga berilishi haqida savollar bilan murojaat qildilar.
Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev savollarga batafsil javob berdi.
Shuning bilan brifing nihoyasiga yetdi.
Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati.