Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish, ular faoliyatini, ayniqsa, quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan ta’minlash, sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Sohaga tajribali kadrlarning jalb qilinmaganligi hujjatlar loyihalarining iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Bu o‘z navbatida qabul qilinayotgan hujjatlar yuzasidan joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.
Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziriligi, viloyatlar va Toshkent shahar Adliya boshqarmalari huzurida mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu markazlar zimmasiga yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida samarali himoya qilinishini ta’minlash, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash kabi ko‘plab mas’uliyatli vazifalar yuklangan.
Shuningdek 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi “e-huquqshunos” elektron tizimini yaratish va unga barcha ma’lumotlarni joylab borish yuklatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Amudaryo tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazida ham qaror ijrosini ta’minlash, belgilab berilgan mas’uliyatli vazifalarni ado etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilayapti.
Markaz tomonidan tumandagi mavjud 12 ta davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatilmoqda. Bunda davlat organlari va tashkilotlari bilan markaz o‘rtasida hujjatlar ma’lumotlar almashinuvi “e-huquqshunos” tizimi orqali amalga oshirilayotir. O‘tgan davr mobaynida 12 ta davlat organlari va tashkilotlarida yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida 166 ta hujjat qonunga zid ekanligi aniqlanib, muvofiqlashtirildi. 17 hujjat umuman qonunlarimizga mos kelmaganligi uchun huquqiy ekspertizadan o‘tkazish rad etildi, tuman Tibbiyot birlashmasida 12 nafar xodimning ishdan bo‘shalatilishining oldi olindi.
Shuningdek, aholidan tushgan 2 ta murojaat ham ko‘rib chiqilib, huquqiy yordam berildi.
Kelgusi 2022 yilda markaz huquqiy xizmat ko‘rsatadigan davlat organlari va tashkilotlari soni yana 6 taga ko‘paymoqda. Bu markazda faoliyat ko‘rsatayotgan 6 nafar xodimlarga yana ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Oygul RAJABOVA.