Gender zo‘ravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Gender zo‘ravonlik geografik, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegara bilmaydi. Rivojlanayotgan, rivojlangan mamlakatlarda ham bu muammoga barham berish jiddiy choralar ko‘rishni talab qiladi. Birlashgan Millatlar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta bo‘lsa ham, jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchramoqda.

Mamlakatimizda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ayollarga ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik yordam ko‘rsatishda mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan trening mashg‘ulotlarining ahamiyati katta.

20 dekabr kuni Amudaryo tumanidagi 16-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ham gender zo‘ravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Seminar-treningda Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi psixolog-metodisti, Tatyana Pirlepesova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimbaychiyeva, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektori Gavhar O‘temuratova va trener, 27-maktab psixologi, Mavluda To‘rayeva hamda 45 nafar psixologlar qatnashdilar.

Seminar-treningni 27-maktab psixologi Mavluda To‘rayeva olib bordi. Mazkur treningda qatnashchilar gender zo‘ravonligi bo‘yicha asosiy tushunchalar, zo‘ravonlikning jabrlanuvchisi, sabablari va oqibatlari, bunday holatlarga javoban choralar taqdim etish mexanizmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘libgina qolmasdan, jabrlanuvchi bilan ishlash usullarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha o‘z malakalarini oshirdilar.

Bundan tashqari, maktab psixologlariga o‘smir yoshidagi o‘quvchi qizlarning ruhiyati va ichki dunyosini bilish va shu asosda muomala qilish borasida ma’lumotlar berildi.

Ma’lumki, o‘smir yoshdagi qizlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ularning rivojlanishi va baxtli hayoti uchun juda muhimdir. Ayol- qizlarning jamiyatdagi maqomi esa jamiyatning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Seminarda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning stress alomatlari turlari, asab tizimi holati, stressning oldini olish va davolash, stressga olib keluvchi omilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazish, stressli vaziyatning asl sababi nimada ekanligini aniqlash, ushbu vaziyatni o‘zgartira olishni baholash kabi ko‘plab fikrlar bayon etildi.

Shundan so‘ng, psixologlar trening davomida bir birlari bilan tajriba almashishdi. Bunday seminar-treninglarni o‘tkazishdan maqsad, ayollarimizni himoya qilish, huquqlarini kafolatlash, ishsiz ayol-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, ularda kasbiy ko‘nikmalarni shakillantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy, moliyaviy ko‘mak berish, umuman, ayol-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishdan iboratdir. Seminarda ishtirok etgan maktab psixologlari gender zo‘ravonlikka uchragan ayollarga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlarni yanada mustahkamladilar. Seminar o‘zaro fikr almashish va savol-javoblar bilan davom etdi.

                                                                                                                                                                           Fotima Eshimbetova