Yer yuzida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash dolzarb masala bo‘lib turgan bir vaqtda mamlakatimizda ham bu muammoni hal qilish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.
Joriy yilning 25 dekabr kuni Amudaryo tumani hokimligining kichik majlislar zalida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Baxadir Tajiyev, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasining konsultantlar guruhining menejeri Yun Be Kang, “Qoraqalpoq suv ta’minoti” MChJ investitsiya bo‘limi boshlig‘i A.Tadjimbetovlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi PQ-4271-sonli qaroriga asosan 2020-2023 yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus, Beruniy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak va Amudaryo tumanlari aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Qipchok ovuli hududiga sutkasiga 35 ming kub metrlik suv tozalash inshooti, Kuyuk ko‘pir ovuli hududida yangidan suv taqsimlash inshootini qurish, O‘rta qal’a ovuli hududida RU-1 suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya kilish, Do‘rman ovuli hududida Y.O‘rozbayev suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish, Xolimbeg ovuli hududida Qilichboy suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish hamda tuman hududida 54,3 km magistral suv tarmog‘i, 236,5 km ko‘cha suv tarmoqlari qurish hamda rekonstruksiya qilish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda loyihani amalga oshirish natijasida tuman bo‘yicha 160 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanishi va tumanda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizga yetkazilishi kutilayotganligi, bugungi kunda “Royal dizayn loyiha” MChJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi.
Fotima Eshimbetova