O‘ZBЕKISTON FЕRMЕR, DЕHQON XO‘JALIKLARI VA TOMORQA YER EGALARI KЕNGASHI RAISI AKTAM HAITOV TUMANIMIZGA TASHRIF BUYURDI

Туман янгиликлари

20 yanvar kuni O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Haitov tomorqa yer egalarining faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, hal qilishda amaliy yordam berish maqsadida Amudaryo tumaniga tashrif buyurdi.

Aktam Haitov tumandagi soha mas’ullari hamrohligida dastlab, Gulzor mahallasi “Obod turmush” ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nargiza Avezmuradova xonadoniga tashrif byurib, tomorqadan unumli foydalanayotganligining guvohi bo‘ldi.

Nargiza Avezmuradova turli xildagi noyob va hushbo‘y gullarni yetishtirish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Gulchilik orqasidan katta daromad topayotgan yurtdoshimiz yurtboshimizga chuqur minnaddorlik bildirib, hozirgi kunda tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratilganligi, xuquqiy maslahatlar berilayotganligini va mavjud imkoniyatlardan samarali tarzda foydalanish lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, mehmonlar sifatli va unumdor urug‘larni yetkazib berayotgan “Amudaryo tomorqa xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati klasteri korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra har bir tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlari hududida kamida bittadan “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilib, mazkur jamiyatlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun kamida 3 gektardan yer ajratilishi belgilangan edi.

 Tumanimizda tomorqa yerlardan unumli foydalanish, tomorqani haqiqiy daromad manbaiga aylantirishga katta hissa qo‘shayotgan “Amudaryo tomorqa xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda samarali faoliyat olib bormoqda.

"Amudaryo tomorqa xizmati" mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida tomorqa xizmati klasterining tashkil etilishi natijasida umumiy qiymati 4,8 mlrd so‘mlik loyiha doirasida 15-17 ming xonadon qamrab olindi. Maqsad bitta – dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish.

Tashrif davomida ushbu jamiyat tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Klaster korxonasiga xodimlariga bog‘dorchilikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

 Aytish kerakki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida klaster usulining yo‘lga qo‘yilishi ekin turlarining ko‘payishiga, hosildorlik va daromadning oshishiga xizmat qilmoqda.

Shundan so‘ng, fermer dehqon xo‘jaligi raislari va tomorqa yer egalari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilariga avvalo, ishni, o‘z tomorqasida dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishni istagan oilalarga imtiyozli kredit ajratish, biznes loyihalar ishlab chiqishga amaliy yordam berishdan boshlashi lozimligi ta’kilab o‘tildi.

Tuman mas’ullari aholiga har tomonlama ko‘maklashish va ekinlar hosildorligini oshirishga doir fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilishi ma’lum qilinib, kam ta’minlangan va qarovchisi yo‘q oilalarga biriktirilgan ilg‘or fermerlarning ish faoliyati tahlil qilindi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldilar.

F.Eshimbetova