YAKKA TARTIBDA UY-JOY QURISH UCHUN YER MAYDONLARI BЕLGILAGAN TARTIBDA AJRATILADI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2021 yil 6 noyabr kuni inauguratsiya marosimida nutq so‘zlab, yetti yo‘nalishdan iborat bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”ning ikkinchi yo‘nalishida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida to‘xtaldi. Kelgusida ma’muriy sudlar faoliyatini   xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishini, shuningdek, xususiy mulk ustivorligi qonunlarimizdagi asosiy tamoyil sifatida belgilanishini, davlat idorasi ma’lumotiga ishonib, mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi ta’minlanishini ta’kidlab o‘tdi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali kelgusida yer egalarining mulkiy huquqlari kafolatlanadi, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng va shaffof tartibi joriy etiladi.

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qarorlar, shuningdek, ushbu sohada hokimlik va boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining harakat yoki harakatsizligini qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq ishlar ma’muriy sudlarga taalluqli bo‘lganligi sababli, muqaddam fuqarolarga ushbu turdagi yer uchastkalarini ajratish tartibi va ushbu munosabatlarni tartibga solish uchun asos bo‘lgan ayrim qonun hujjatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
So‘nggi yillarda yer bilan bog‘liq munosabatlarni samarali tartibga solish, yerlarni muhofaza qilishni takomillashtirish, yerga oid nizolarni oldini olish, bu borada fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirish, shuningdek, yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyun kungi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini misol tariqasida keltirishimiz mumkin.  Ushbu Farmon bilan yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish va yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlashning yangi huquqiy asosi yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 16 avgustdagi “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga ham bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat bo‘lib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini to‘lash to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi unga bo‘lgan huquq Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli ma’lumotlarni elektron tarzda kiritish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi. Yakka tartibdagi uy-joy deganda, bir yer uchastkasida joylashgan, doimiy yashash, dam olish va shaxsiy xo‘jalikni yuritishga mo‘ljallangan yordamchi-xo‘jalik imoratlari va hovlidagi inshootlar tegishli bo‘lgan bir yoki bir necha turar joy imorati tushuniladi.

P.Doshmuradov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’muriy sudi sudyasi.