YOSHLAR ISHTIROKIDA NAVBATDAGI SAYYOR QABUL O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Bugungi kunda yurtimizda halq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo insonning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida yordamga muhtoj aholining muammolari o‘rganilib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri Amudaryo tumanining Oq oltin ovuli hududidagi 7-sonli maktabda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Xudayberganov, tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Kengashi Amudaryo tumani bo‘limi raisi Sardor Ismoilov, tegishli tashkilot muassasa vakillari hamda 35 nafar yoshlar ishtirok etishdi.

Sayyor qabul tarzida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning muammolarini o‘rganish, ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish, taklif hamda tavsiyalarini tinglashdan iboratdir.

Yig‘ilishda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudayberganov yoshlarga murojaat qilar ekan, hozirgi kunda yoshlar orasida huquqbuzarlik sodir etish holatlari sezilarli darajada oshganligi,va bunday nohush holatlarning oldini olish uchun amalga oshirilayotgan profilaktika ishlari haqida gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov so‘zga chiqib, oila, maktab, mahalla hamkorligini uzluksiz ta’minlash asosiy vazifa ekanligini va bu borada tizimli ishlar ko‘lamdorligini yanada oshirish lozimligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Yoshlar ittifoqining tuman bo‘limi raisi Sardor Ismoilov esa bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berib, yoshlarni bilim olishga va kasb-hunar egallashga da’vat qildi.

Shuningdek, mahallalarda 21 yanvardan ish boshlagan yoshlar yetakchilariga yuklatilgan vazifalar haqida to‘xtalib, yoshlar yetakchilari o‘zlari biriktirilgan mahalladagi yoshlarning vakili bo‘lishini hamda doimiy ravishda mavjud muammo va kamchiliklari bilan murojaat qilishlari mumkinligin aytib o‘tdi. Qolaversa yetakchilar tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan turli hil aksiyalar va tadbirlarda faol qatnashib borishlari lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, muammoli yoshlarning murojaatlari birma-bir tinglandi. Mahallaning faol yoshlaridan Muhiddin Jumamurotov hamda Muhiddin Sobirovlar yer ajratib berilishi borasida, Azamat Ibragimov esa bandlik masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Yig‘ilishda murojaatlar ko‘rib chiqilishi va tez orada hal qilinishiga kelishib olindi.

Joylarda tashkil qilinayotgan shu kabi sayyor qabullar natijasida hukumat idoralari va xalq o‘rtasidagi ko‘rinmas devor olib tashlanib, yordamga muhtoj fuqarolar o‘z muammolarini mutasaddi tashkilot rahbarlariga to‘siqsiz yetkazishmoqda. Bu orqali ko‘plab muamollar hal qilinib, xalq va davlat yagona maqsad – vatan taraqqiyoti yo‘lida birdek harakat qilayotir.

F.Eshimbetova