HUQUQBUZARLIK VA JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISH MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN YIG‘ILISH O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi binosida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘riqlash boshqarmasi mas’ullari Imomaddin Allashov, Azamat Sidullayev, tuman Ichki ishlar bo‘limining Yo‘l patrul xizmati xodimi Usmon Rajabov, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori Bekzod Allaberganov hamda tuman Qo‘riqlash bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda dastlab huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli bo‘lishi lozimligi tushuntirilib, 2022 yilda tumanda huquq-tartibot organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama qilindi va har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Soha xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, fuqarolar xavfsizligi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tezkorlik bilan ish tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tartib-intizom, odob-axloq, muomala madaniyati, shaxsiy va xizmat avtotransport vositalarini boshqarishda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish kerakligi, qish mavsumida fuqarolarga tabiiy gaz, isitish moslamalardan foydalanishda e’tiborli, ehtiyotkor bo‘lishni, is gazidan zaharlanishdan saqlanishni muntazam ravishda tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazish kerakligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘ngida xizmat faoliyati davomida Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash borasida mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib xizmat qilib kelayotgan tuman Qo‘riqlash bo‘limi xodimi safdor Muzaffar To‘liboyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’sis etilgan esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu qatori yig‘ilishda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida xizmatga vijdonan yondashib ishlab kelayotgan boshqa xodimlarga ham minnatdorchilik bildirilib o‘tildi.

B.Atadjanov, tuman Qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i.