Amudaryo tumani statistika bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining yagona tizimiga kiruvchi organ bo‘lib, mahalliy davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik shaxslar va fuqarolarning statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilarini rasmiy statistika axborotiga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi, ilg‘or statistika axboroti tizimining faoliyat ko‘rsatishiga yo‘naltirilgan davlat statistika sohasidagi yagona siyosatni amalga oshirishda ishtirok etadi.
Rasmiy statistika sohasida yagona siyosatni amalga oshirish va statistikani tashkil etishning samarali tizimini ta’minlash, xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan yagona statistika metodologiyasini hamda davlat statistika kuzatuvlari shakllarini joriy etish, ijtimoiy iqtisodiy va demografik hodisalar, jarayonlar va ularning natijalari to‘g‘risidagi statistika axborotlarini yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va e’lon qilish, davlat organlarini, yuridik shaxslarni va statistik ma’lumotlardan foydalanuvchi aholini tuman bo‘yicha statistika axborotlari bilan belgilangan tartibda ta’minlash kabi vazifalarni ado etayotgan tuman statistika bo‘limi faoliyatini kuzatgan kishi xodimlarning qizg‘in mehnat jarayoniga guvoh bo‘ladi. Bo‘limning uch nafar xodimi tashkilotning tahliliy salohiyatini mustahkamlashga ham e’tibor qaratishmoqda.
Bo‘limda shuningdek, tumanda davlat statistika kuzatuvlari shakllarining joriy etilishini tashkil etish, hisobot taqdim etuvchi sub’ektlarni tasdiqlangan davlat statistika hisoboti shakllari to‘g‘risida xabardor qilish, ularni elektron shaklda to‘ldirish va taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar olib borish bilan bir qatorda, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Bo‘lim xodimlari bu borada har kuni o‘zaro maslahatlashib, kengashib, kun davomida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab oladilar va ijrosiga kirishadilar.
Ma’lumki, aholini ro‘yxatga olish natijalaridan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida foydalaniladi.
Shu boisdan ham ushbu muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rishda tuman statistika bo‘limi xodimlari tumanimizdagi mavjud ovul, mahalla, shaharcha fuqarolar yig‘inlari mas’ullari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan.
Shu maqsadda bo‘lim bosh mutaxassisi Hakimjon Egamberganov shu yil 27 yanvar kuni Mang‘it shahrining Durunki mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish jarayoniga daxldor belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishdi. Tuman hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Sarvar Komiljonov bilan kelgusidagi rejalar haqida maslahatlashdi.
Bo‘limda amalga oshirilayotgan ishlar tumanimizda barcha sohalardagi ahvolni baholashga va kelajak rejalarini belgilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Oygul RAJABOVA.