IDORALARARO MUVOFIQLASHTIRUVCHI KЕNGASH YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

28 yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida 2021 yil davomida qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish aholining yashash sharoitini yaxshilash, mahallalarda olib borilgan islohotlar, tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar borasida muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat organlari xodimlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot rahbarlari, mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari, hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda tuman prokurori Javlonbek Muftullayevning ma’ruzasi tinglandi.

Tuman prokurori tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi, tuman investitsiyalar bo‘yicha bo‘limi, Tibbiyot birlashmasi, Ichki ishlar bo‘limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Majburiy ijro byurosi hamda moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar qayd etib o‘tildi hamda bo‘lim rahbarlari tomonidan ushbu holatlarga izohlar berildi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudoyberganovning ta’kidlashicha, huquqbuzarlik holatlarining oldini olish uchun avvalo, mahallalarda olib borilayotgan profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish zarur. Shuningdek, huquqbuzarlik holatlarining ko‘pchiligini o‘zaro janjal, haqorat, tuhmat, yengil tan jarohati yetkazish kabilar tashkil qilib bu borada mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlarining faolligini yanada oshirish lozimligi qayd etildi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor Muxtor Rahmatullayev esa 2021 yil davomida ichki ishlar organlari tomonidan aniqlangan jinoyat turlari, huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlarning ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bayon qildi.

 Shuningdek yig‘ilishda tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Baxadir Baltabayevning ham mazkur masala yuzasidan bildirgan fikrlari tinglandi. Qayd etilganidek, Amudaryo tumanining har bir ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tizim murakkab jarayon bo‘lishiga qaramasdan, o‘z navbatida, siyosiy chaqiruv ham hisoblanishi, unga ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy reformalar, ichki va tashqi resurslar hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar, turli idora va tashkilotlarning “faoliyat yo‘laklari” mahallalar kesimida tashkil etilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda barcha muassasa, idora-tashkilotlar faoliyatlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, ularning xalq oldida hisobdorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ular sodir etilishidan avval oldini olish, tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, sohada yuzaga kelayotgan to‘siqlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish har bir tashkilot rahbarining muhim vazifasi ekani qayd etildi.

Tuman hokimligining axborot xizmati