Yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovga erishish, sud ishi yurituvi sifatini yanada yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Shu qatori sud mas’ullari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, yurituvdagi ishlarni adolatli ko‘rib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sohada yanada yuqori natijalarga erishishni ta’minlash bilan birga xalqning sud organlariga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.
29 yanvar kuni Amudaryo tumanidagi Kuyuk ko‘pir, Xitoy, Bo‘z yop ovullari va Tor yop mahallasida sudlar raislari tomonidan sayyor qabul va huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi. Jinoyat ishlari va Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raislari, Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudi mas’ullari ishtirok etgan ushbu sayyor qabullarda fuqarolarning sudga taalluqli masalalar bo‘yicha murojaatlari qabul qilinib, ularga huquqiy tushuntirish berildi.
Sayyor qabulda dastlab mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, sud tizimini isloh qilish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ishi yurituvi sifatini, fuqarolarning huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, sud, huquq-tartibot idoralari xodimlari va keng jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash borasida izchil ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, mahalla fuqarolari o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolarning ma’naviyatini hamda ularning huquqiy bilimi va madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati sud amaliyotidagi misollar bilan tushuntirib o‘tildi.
Tadbir jarayonida sudyalar tomonidan har bir fuqaro o‘zining huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirib, jamiyatda aholining huquqiy bilimi va madaniyatini yanada oshirishda, mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishida, yot g‘oyalarga berilmaslik va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishlari lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, sud raislari fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularning murojaatlarini qabul qildilar. O‘tkazilgan sayyor qabullarda Kuyuk ko‘pir ovulida 13 nafar, Xitoy ovulida 14 nafar, Bo‘z yop ovulida 11 nafar, Tor yop ovulida 16 nafar fuqarolar turli muammolar yuzasidan murojaat etdilar. Qabullar chog‘ida sud raislari har bir murojaatchini eshitib, o‘rtaga qo‘ygan masalalari bo‘yicha tegishli tartibda javob berdilar.O‘rganish talab etiladigan murojaatlarga muddat belgilanib, fuqarolar bundan xabardor qilinishi aytildi.
Qabul davomidagi jami 44 ta murojaatdan 4 tasi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 6 tasi mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashish, qolganlari boshqa masalalar bo‘yicha bo‘ldi. Murojaatlar sud raislari tomonidan qonun talablari asosida ko‘rib chiqildi va fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Yurtimiz aholisining sud idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, huquqiy bilimini oshirishga qaratilgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur sayyor qabullarda ishtirok etgan fuqarolar sud mas’ullariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Qayrulla Atamurodov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.