Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ko‘lami bugun juda keng. Bundan foydalanib kamolga yetayotgan, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallagan, o‘z yurti va xalqiga fidoyi, ajdodlarimiz boshlab bergan ishni davom ettirishga qodir bo‘lgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni aslo yengib bo‘lmaydi. O‘z maqsadlariga yetishda dadil va doim yangilik sari intiluvchi yoshlar elimizning faxri va g‘ururidir.
Amudaryo tumanida ham yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgan, o‘z ustida tinim bilmasdan ishlayotgan, o‘z oilasi va Vatani oldidagi burchini chin yurakdan his qilib, ta’lim olayotgan yoshlar bisyor. Ana shunday ilg‘or fikrli, dunyoqarashi keng, ma’naviyatli, mard va jasur o‘g‘lonlardan biri Otabek Rahimboyevni yurt taraqqiyoti uchun intilayotgan yoshlardan, desak aslo adashmagan bo‘lamiz.
Otabek Rahimboyev Amudaryo tumanining Yuqori qishloq mahallasida, ziyoli oilada tug‘ilib, voyaga yetdi. Onasi Zulfiya Yodgorova geografiya fani o‘qituvchisi. Ham oilada, ham maktabdagi yuksak ma’naviy muhit ostida katta bo‘lgan Otabek ham ota-onasining sohasini tanladi.
2017 yilda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining geografiya va tabiiy resurslar fakulteti gidrometeorologiya ta’lim yo‘nalishi talabasi bo‘ldi. Talabalik davridanoq ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘lib, 50 dan ortiq tanlov, konferensiya va olimpiadalar g‘olibiga aylandi.
Izlanuvchan va bilimga chanqoq Otabek 2020 yil 26 avgust kuni Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu mukofotga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ular orasida Otabekning ham borligi bizga o‘zgacha g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Joriy yil 10 yanvar kuni Otabek muhandislik geologiyasi fanidan Butunrossiya talabalar va magistrantlar o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn olimpiadada qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Yurtimizda yoshlarning bilim olishlari, kasb-hunar egallashlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlardan esa faqatgina yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish talab qilinadi, xolos.
Hozirgi kunda Otabek Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Geologiya-qidiruv va kon metallurgiya fakulteti gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi va geofizikasi kafedrasi 1-bosqich magistranti. Ilmiy salohiyati va erishgan yutuqlari tufayli magistraturaga imtiyozli ravishda qabul qilingan.
U hozirda ilmiy rahbari Mirabbos Zokirov rahbarligida “Orolbo‘yi hududlarining antropogen omillar ta’siri ostida muhandislik geologik sharoitlarning o‘zgarishini o‘rganish” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Tumanimizning intiluvchan, bilimga chanqoq, izlanuvchan o‘g‘loniga kelgusi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tilab, bundanda baland marralarni zabt etishiga umid qilib qolamiz.
F.Eshimbetova.