KORRUPSIYA - YOSHLAR NIGOHIDA

Туман янгиликлари

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu orqali qonun ustuvorligini ta’minlash bugungi kun tartibidagi asosiy vazifa hisoblanadi. Mana shu vazifalarni amalga oshirish choralarining bir ko‘rinishi sifatida o‘tgan 2021 yilda Adliya vazirligi tomonidan 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” nomli umummilliy insholar tanlovi Respublika bo‘ylab keng miqyosda tashkil etildi.

Amudaryo tumanida ham “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” nomli umummilliy insholar tanlovi o‘tkazilib, unda tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-11 sinf o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasasi talabalari ishtirok etib tanlov qizg‘in va yuqori darajada o‘tkazildi.

Insholar tanlovida ishtirokchilar jamiyatni yemiruvchi asosiy illat-korrupsiya ekanligini o‘zining ijodkorlik qobiliyatlari orqali sermazmun satrlada ifodalab berishdi.

Shuningdek, g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar tuman Xalq ta’limi bo‘limi, Adliya bo‘limi hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining Qonunchilikni ta’minlash va korrupsiyaga karshi kurashish masalalari bo‘yicha doimiy komissiya tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab o‘tkazilgan ushbu tanlovda 10 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlarning insholari saralab olinib, eng munosib ko‘rilganlari “Korrupsiya – yoshlar nigohida” nomli kitobga kiritildi.

Quvonarlisi, tumanimizdagi 40-sonli umumta’lim maktabining sobiq o‘quvchisi Komila Baxtiyorovaning ham ijod maxsuli yuqori baholanib ushbu kitobga kiritildi.

31 yanvar kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida mazkur kitobning taqdimot marosimi o‘tkazildi. Unda xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati, tuman hokimligi va siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari mas’ullari ishtirok etdi.

Komila Baxtiyorova hozirgi kunda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining xorijiy tillar fakulteti, ingliz tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishida 1-bosqich talabasi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Respublika miqyosida o‘tkazilgan ushbu tanlovda tumanimizdan yetishib chiqqan yosh iste’dodlardan birining mehnati yuqori baholanib, e’tirofga sazovor bo‘lgani Komilaning barcha tengdoshlari va tumanimiz yoshlarini ham bilim olishga, o‘z ustida izlanishga chorladi.

O‘tkazilgan insholar tanlovi orqali adolatparvar yoshlarimizning ona vatanga mehr-muhabbati, korrupsiyaga qarshi kurashishda yoshlarimizning fikrlash qobiliyati ancha teranligi va shaxsiy dunyoqarashga ega ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

Darhaqiqat, gap korrupsiyaga qarshi kurash haqida borar ekan, bu borada jamoatchilikning nazorati juda muhim ekanini alohida ta’kidlash kerak. Eng asosiysi, bu jarayonda yoshlarning faolligi sezilayotgani e’tiborga molikdir.

Vatanimiz kelajagi yoshlar qo‘lida. Shunday ekan, ularning ma’nan barkamol bo‘lib yetishishlari, korrupsiya singari illatning tuzog‘iga tushmasliklari uchun barchamiz birdek harakat qilmog‘imiz darkor.

F.Eshimbetova