QUM YOP MAHALLASI OBOD GO‘SHAGA AYLANADI

Туман янгиликлари

Prezidentimizning bevosita tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmasi rivojlanib, shahar va qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Yurtimizning eng chekka hududlari ham oxirgi yillarda ko‘rkamlashib, aholi uchun barcha zarur sharoitlarga ega fayzli va obod maskanlarga aylanib bormoqda.

Amudaryo tumanida ham chekka hududlardagi ovul va mahallalarda aholi turmush tarzini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 yanvardagi mahallabay ishlash va kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Mazkur yilda bu boradagi ezgu ishlarni tumanning olis hududi bo‘lmish Qum yop mahallasida amalga oshirish rejaga kiritilgan.

28 yanvar kuni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida mahalla hududida bo‘ldi.

Tumandagi ijtimoiy muhiti qoniqarsiz deb topilgan Qum yop mahallasi hududida Qum yop, Qarag‘ay, Jumabay sag‘a, Bo‘z yop aholi punktlari mavjud. Aholi soni esa 4 ming 655 nafarni tashkil qilib, 710 ta xonadonlarda yashashadi. Shundan 2 ta oila “Temir daftar”da, 143 nafar yoshlar “Yoshlar daftari ro‘yxatida turadi.

Aholining turmush darajasini yaxshilash, farovon hayot kechirishlariga imkoniyat yaratish maqsadida hududdagi 9 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizish, 2 ta ichimlik suvi inshootini qurish kabilar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 3 ta transformator, 8,7 kilometr uzunlikdagi elektr liniyalarini ta’mirlash, 55 ta yangi tayanch ustunlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shu kuni ertalab yuk avtomobillarida Jumurtov shaharchasidagi tosh maydalash va saralash zavodlaridan tosh ortib kelinib, mahalla hududidagi ko‘chalarga tosh to‘shash ishlari boshlandi.

Rejaga ko‘ra, hududdagi irrigatsiya tarmoqlari, ya’ni ariq va zovurlar tozalanadi. Ko‘chalar obodonlashtiriladi hamda mevali, manzarali daraxtlarga shakl berilib, yangidan ko‘chatlar o‘tqaziladi. Aholi xonadonlari fasadi va kirish yo‘laklari, qo‘shimcha yordamchi xo‘jalik binolari va daraxtlarni oqlash ishlari ham amalga oshiriladi.

Ayni kunlarda hududda boshlab yuborilgan ushbu ezgu ishlar aholiga nihoyatda ko‘tarinki ruh baxsh etmoqda. Chunki bu qumyopliklar uchun ayni muddao, ko‘pdan kutilgan, ko‘ngildagi ish bo‘lmoqda. Mahalla fuqarolari ham tozalik va obodonchilik ishlariga bosh qo‘shib, imkon boricha hissa qo‘shishmoqda. Ularning fidoyiligi hudud chiroyiga chiroy qo‘shilishiga zamin yaratmoqda.

Hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini yanada yaxshilash va shu asosda aholi farovonligi hamda turmush darajasini oshirishga qaratilgan mazkur amaliy qadamlar natijasida bugun tumanimizdagi ko‘plab mahalla, ko‘cha va aholi xonadonlari butunlay yangi qiyofa va chiroy kasb etmoqda. Shuni ham aytib o‘tish joizki, tumanda bugungi kunda barcha mahallalar obod go‘shalarga, ko‘rkam maskanga aylanib, obod, fayzli xonadon va ko‘chalar soni ortib bormoqda. Bu xalqimizning o‘z hayotiga bo‘lgan ishonchi yuksalib, yashashga, kelajakka bo‘lgan intilishi kuchayayotganidan darak beradi. Zero, obodlik bor joyda, fayzu-baraka, rivojlanish bo‘ladi.

O.Xudoyberganova