Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirishda vazirlik va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha 2022 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Mazkur yig‘ilishda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev 1 fevral kuni tuman Xalq ta’limi bo‘limi jamoasi bilan uchrashib, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, jumladan, maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, yangi va qo‘shimcha binolar qurish, “mahorat maktabi”ga ega o‘qituvchlarni rag‘batlantirish, “Mobil metodik guruhlar” tashkil etilishi kabi masalalar bo‘yicha mutasaddilar bilan suhbatlashdi.
Bundan tashqari yig‘ilish davomida tuman hokimi davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘dan tashqari mahalliy budjet tushumlarining ham bir qismi maktablarga yo‘naltirilishini, eng muhimi, yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida qurilishi va foydalanishga topshirilishi, shuningdek, 2022 yil mobaynida ta’lim sohasi uchun mahalliy budjet mablag‘laridan 21,8 mlrd. so‘m miqdorda mablag‘ ajratilishini ta’kidladi.
Yig‘ilishda maktablar faoliyatini yanada yaxshilash faqat tuman Xalq ta’limi bo‘limining emas, balki barcha idora-tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Tuman Halq ta’limi bo‘limi mudiri Akmal Ismoilov maktablar ahvolini yaxshilash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilishi belgilangan ishlar xususida ma’lumotlar berib o‘tdi. Unga ko‘ra, tumanimizdagi 18-, 36-, 56-sonli maktablar binolarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Namuna mahallasi hududida joylashgan 78-sonli boshlang‘ich ta’lim maktabini 9 yillik maktabga aylantirish hamda mahalliy budjet hisobidan quvvati 60 o‘rinli yangi bino qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan maktablarning boshlang‘ich sinflarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil qilish, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish qo‘rsatkichlarini va pedagog kadrlarning malaka toifalarni oshirish bo‘yicha 2022 yilda ko‘plab tizimli va samarali ishlar olib borilishi qayd etib o‘tildi.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilgan har bir vazifa ijrosi bo‘yicha tuman xokimi tomonidan ko‘rsatmalar berilib, doimiy ravishda nazoratga olinishi ta’kidlandi. Bundan buyog‘iga maktab ta’lim tizimidagi har qanday masala keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Prezidentimizning “Taqdirimiz muallimlar qo‘lida” deb aytgan so‘zlari – ayni haqiqat. Vatanimizning taraqqiyoti, farovonligi va iqtisodiyotining gullab yashnashida ertangi kun egalari bo‘lgan yosh avlodni tarbiya qilayotgan o‘qituvchilarning xizmatlari katta ahamiyatga ega. Shunday ekan, maktablarda ta’limi sifati va samaradorligini oshirish doimiy ravishda jamoatchilikning nazoratida va diqqat markazida bo‘lishi lozim.
Amudaryo tumani hokimligining axborot xizmati