Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan har bir Qaror va Farmonlar zamirida inson va uning qadr-qimmati, sog‘lig‘i va farovon hayoti birinchi darajada turadi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 may kuni qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoni ham yurtimizda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini va qamrovini kengaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Amudaryo tumanida ushbu Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda o‘rta tibbiyot mutaxassisligiga ega bo‘lgan fuqarolarga o‘z-o‘zining bandligini ta’minlash bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish yuzasidan seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
1 fevral kuni tuman Madaniyat bo‘limida o‘tkazilgan ushbu seminar mashg‘ulotida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Akmal Asqarov, Nukus Tibbiyot bilim yurti o‘qituvchisi Jadra Qadirboyeva, Nukus shahar Tibbiyot birlashmasi fizioterapiya bo‘limi mudiri Roza Qurbonboyeva, tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayev, tuman Tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi va vaqtincha ishsiz bo‘lgan o‘rta tibbiyot mutaxassislari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan mas’ullar Farmonga ko‘ra 2021 yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilgani, ularning ushbu xizmatlar bilan malakalarini oshirib borgan holda shug‘ullanishlari belgilanganini ta’kidlashdi. Bu esa o‘z navbatida o‘rta tibbiyot xodimlarining bandligini ta’minlash bilan bir qatorda son jihatdan o‘sayotgan aholimizning tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda, har bir inson tibbiyot xodimi nazoratida bo‘lishiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etishdi.
Ta’kidlanganidek, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularga yangi imkoniyatlar yaratish masalasi Farmonda o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra 2021 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga maxsus avtotransport vositasida tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, nodavlat tibbiyot tashkilotining o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etishga ruxsat berildi.
Seminar mashg‘uloti davomida vaqtincha ishsiz bo‘lgan o‘rta tibbiyot xodimlarini o‘z-o‘zini band qilish bo‘yicha Farmonda belgilab berilgan chora-tadbirlar, kredit va subsidiya olish tartibi, ish staji yuritilishi, ishlash mexanizmi tushuntirib o‘tildi.
Undan tashqari, Nukus shahar Tibbiyot birlashmasi fizioterapiya bo‘limi mudiri Roza Qurbonboyeva fizioterapiya jihozlarini xarid qilish, ularni ishlatish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi. Nukus Tibbiyot bilim yurti o‘qituvchisi Jadra Qadirboyeva esa ko‘p yillar davomida ishsiz bo‘lgan tibbiy xodimlarining malakasini oshirish, diplomlarini qayta tiklash bo‘yicha huquqiy tushunchalar berib o‘tdi. Shu bilan bir qatorda malaka oshirish istagida bo‘lgan tibbiyot xodimlari ro‘yxati shakllantirildi.
Seminar mashg‘uloti ishtirokchilari mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, to‘liq javoblar oldilar.
L.Yangiboyeva, tuman Tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi.