Yoshlar ishtirokida uchrashuvlar, mahorat darslari va sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tumanimiz bo‘ylab ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2 fevral kuni Amudaryo tumani bo‘ylab yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, turizm va sportni rivojlantirish bo‘limi bilan hamkorlikda turli sport musobaqalari, mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.

Kun davomida o‘tkazilgan mazkur tadbir va musobaqalarda tuman yoshlarining 500 dan ortig‘i qamrab olindi.

Kun davomida Yangiobod mahallasi hududidagi 40-sonli maktabda “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Intellektual o‘yinda jami 8 ta mahalla yoshlaridan iborat jamoa qatnashib, o‘z mahallasi sha’nini himoya qilishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra Tosh-yop ovuli yoshlari 1-o‘rinni, O‘rta-qal’a ovuli yoshlari 2-o‘rinni, Bosuv mahallasi yoshlari 3-o‘rinni egallashdi.

Shuningdek, Yangiobod mahallasi hududidagi raqamli texnologiyalar markazida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh tashabbus” ning 3-yo‘nalishi − aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish, IT va robototexnika bo‘yicha “Mahorat darsi” o‘tkazildi. Yoshlarga raqamli texnologiyalar markazi ta’lim bo‘yicha mutaxassisi Abdullo Hayitboyev tomonidan hozirgi zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish, dasturlash, frilanserlik bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi.

Bundan tashqari, Boyovul mahallasi hududidagi 16-sonli maktabda sportning stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha “Yoshlar kubogi” musobaqasi tashkil etilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Musobaqaga tumanimizning 16 ta mahalla va ovullarida istiqomat qiluvchi stol tennisi va shaxmatga qiziquvchi 18 yoshdan 30 yoshgacha  bo‘lgan  uyushmagan yoshlar qatnashishdi.

Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra shaxmat bo‘yicha 1-o‘rinni Begzod Boltabayev qo‘lga kiritdi. Stol tennisi bo‘yicha esa mutloq  g‘oliblik Diyordek Shomuradovga nasib qildi.

Shuningdek, tuman Madaniyat markazida yoshlar uchun tadbirkorlik sohasida “Mahorat darsi” o‘tkazildi.

Mahorat darsida tuman ishbilarmonlari, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yoshlar o‘z tengdoshlariga biznesga qanday kirib kelganliklarini, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yguncha qanday muammolarga uchrab, ularni qanday yengib o‘tgani haqida gapirib berdilar. Qolaversa, tumanimizdagi 40-sonli maktab direktori, Jo‘qorg‘i Kenges deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq o‘qituvchisi unvoni sohibasi Sanobar Xo‘jamuratova ham yoshlarga o‘z tavsiyalarini berdi. Tumanimizda o‘z tadbirkorlik faoliyatini namunali tarzda yo‘lga qo‘ygan Tamara Yusupova ham biznesda muvoffaqiyatga erishish sirlari haqida yoshlarga o‘z tavsiflarini berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Choyko‘l ovuli hududidagi 22-sonli maktabda sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Bobur nomli ovul yoshlari faxrli 1-o‘rinni, Oq oltin ovuli jamoasi 2-o‘rinni egallashgan bo‘lsa, To‘lqin ovuli yoshlaridan iborat jamoa 3-o‘ringa munosib deb topildi.

Shuningdek, Olmazor mahallasi xududida joylashgan futbol maydonida sportning mini futbol turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada ham ko‘plab yoshlar ishtirok etishdi. Musobaqa shiddatli va murosasiz kechib, 1-o‘rin Chordara mahallasi yoshlariga nasib etdi.

Kun davomida o‘tkazilgan tadbirlar va uchrashuvlar yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga, sportga oshno bo‘lib, sog‘lom turmush kechirishga hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni, kasblarni egallab, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chorlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tuman hokimligining axborot xizmati