Qoraqalpog‘iston Respublikasi sektorlari rahbarlari, vazirliklar, muassasa va tashkilot rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

4-fevral kuni Amudaryo tumanining Qipchoq shaharchasi hududida joylashgan 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sektorlari rahbarlari, vazirliklar, muassasa va tashkilot mas’ullari hamda tumanimizdagi bir qator idora-tashkilot vakillari va yoshlar ishtirokida onlayn tarzda sayyor qabul o‘tkazildi.

Qabul avvalida Xalq qabulxonalarining doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelayotgan dolzarb ijtimoiy masala – nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalar topshirildi.

I guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar Sapargul Ne’matova, Zokirjon Bobojanov, Otabek Shukurullayev va Anvar Ametovlarga nogironlik aravachalari berildi.

Yordamga muhtoj fuqarolarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishida hokim yordamchilari tomonidan mahallabay va xonadonbay o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yilganligi alohida e’tiborga molikdir. Hokim yordamchilari o‘zlari biriktirilgan mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning yashash sharoitini o‘rganib amaliy yordam ko‘rsatishmoqda.

Sayyor qabulda tumanimizning turli hududlaridan yoshlar ishtirok etishib o‘z muammolari bilan mas’ullarga murojaat qilishdi. Uchrashuvda 60 nafardan ortiq yoshlar qatnashib, turli mazmundagi jami 23 ta murojaat kelib tushdi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov yoshlarga murojaat qilib, mavjud muammo va takliflar bilan bemalol murojaat qilishlari mumkinligini va albatta har bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng yoshlarning murojaatlari tinglandi.

Tumanimizdagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportning karate turi bo‘yicha trener Akmal Rahimov 18-20 fevral kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tadigan turnirda 4 nafar shogirdining yo‘l xarajatlari qoplab berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Akmal Rahimovga murojaat albatta ko‘rib chiqilib, tez orada ijobiy hal qilinishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Beshtom mahallasida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkor Asadbek Yusupov, tumanning olis hududida o‘quv markazi ochishda huquqiy va amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Shuningdek, Beshtom mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlardan Azamat Muxtarov o‘z mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklaridan birida 15 gektar maydonda o‘zaro kelishuv asosida dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotganligini, bundan buyog‘iga ushbu yerlarda o‘z chorvachilik faoliyatini boshlash istagi borligini hamda bunda huquqiy yordam berilishini so‘rab murojaat qildi.

Shuningdek, hudud yoshlari va tadbirkorlar asosan bandlik, imtiyozli kredit olish, tikuv mashinasi olishda subsidiya ajratilishi, to‘lov-kontraktning bir qismini to‘lashda ko‘mak so‘rab va boshqa masalalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sektorlari mas’ullariga murojaat qildi.

Kelib tushgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etilib, ayrimlariga qonuniy tushuntirish berildi. Muddat talab qiluvchi murojaatlar esa, tegishli mas’ullar tomonidan o‘rganib chiqilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, cayyor qabulda murojaatlaring hech biri e’tibordan chetda qolmasligi va har bir murojaat imkon qadar ijobiy yechim topishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng yoshlarga, ona Vatanimiz uchun munosib farzand bo‘lishga chorlovchi “Temur” badiiy filmi namoyish etildi.

O‘tkazilayotgan sayyor qabullar xalqimizning uzog‘ini yaqin qilib, ularga har tomonlama qulaylik yaratibgina qolmasdan, vatanimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tuman hokimligining axborot xizmati