EKOLOGIK PARTIYA MAS’ULLARI AHOLI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI

Туман янгиликлари

Atrof-muhit tozaligi, obodligini asrash, tabiatni muhofaza qilish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu davlat ahamiyatidagi masalalardan bo‘lganligi sababli yurtimizda diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki tabiat qanchalik asrab-avaylansa, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ekologik muammolarning oldi olinib, ertangi hayotimiz ham shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Ekologik partiyaning tuman Kengashi mas’ullari tomonidan aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, Kengash faoliyati samaradorligini oshirishga ko‘maklashish, atrof-muhit tozaligini asrash, maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, yashil hududlarni ko‘paytirish, ko‘chat ekish ishlarini hamjihatlikda amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan suhbatlashildi.

Shu yilning 2 fevral kuni Qilichboy ovulida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda Ekologik partiya tuman Kengashi raisi Sa’dulla Sadikov hamda Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini raisi, tuman Kengashi deputati Bahrom Qodirovlar ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab hozirgi kunda partiyaning tuman Kengashi tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, maishiy chiqindilarni boshqarish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya tarmoqlari holati, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilash, aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tumandagi ekologik holatga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan omillar xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, globallashib borayotgan ekologik muammolarni faqat xo‘jalik faoliyatida resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni joriy qilish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish va sohada qonunchilikni takomillashtirish bilangina hal etish mumkin emasligi bugun yaqqol namoyon bo‘lib qolmoqda. Bu borada aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda tabiat va uning ne’matlariga hamda atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, ekologik ta’lim tarbiya tizimini rivojlantirish ushbu muammolar yechimini topishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan partiyaning tuman Kengashi aholining ekologik masalalardagi xabardorligini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar faollar va deputatlar tomonidan izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilariga davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar hamda qabul qilingan Davlat dasturlarining mazmun-mohiyati ham keng tushuntirib o‘tildi.

Tadbir yakunida partiyaning tuman Kengashi mas’ullari fuqarolarni mamlakatimizning bebaho tabiati va tabiiy boyliklarini asrab-avaylash va aholi sog‘lig‘ini saqlashdek yuksak vazifalarni bajarishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O.Xudoyberganova.