9 fevral kuni Xalq deputatlari tuman Kengashining 46-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya majlisida Kengash raisi, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, sud-huquq sohasi mas’ullari, bo‘limlar, tijorat banklari rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Sessiya ishida dastlab tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari barpo etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahalliy budjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini shakllantirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.
Hisobotda tumanni ijtimoiy iqtisodiy-rivojlantirish bo‘yicha 2021 yilda mumiy qiymati 58,1 mlrd. so‘mlik 35 ta loyihalar ishga tushirilganligi va 1 ming 904 ta yangi ish o‘rinlari yaratilganligini ma’lum qilindi. Shuningdek, yangidan ishga tushirilgan loyihalar haqida keng turda ma’lumot berib o‘tildi.
Shundan so‘ng deputatlar tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitovning hisobotini tingladilar. Hisobotda DSI boshlig‘i tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish va mahalliy budjetga tushumlarni oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Sessiya 2021 yil davomida jinoyatchilik va qonuniylikning ahvoli hamda bu borada tuman prokuraturasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman prokurori Javlonbek Muftullayevning axboroti tinglandi.
Axborota qayd etilganidek, tumanda amalga oshirilayotgan ishlarda asosiy e’tibor muhtaram Prezidentimiz tomonidan prokuratura organlariga asosiy vazifa sifatida yuklatilgan jinoyatchilikning oldini olish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sektorlar faoliyati, aholining turmush darajasini yaxshilash, ulardagi mavjud muammolarni o‘rganish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” hamda “Har bir oila tadbirkor” kabi Davlat dasturlarning ijrosini nazorat qilishga qaratilgan.
Shuningdek sessiya ishida tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudayberganovning tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularning profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi. Hisobotda tumandagi barcha hududlar bo‘ylab aniqlangan jinoyatlar, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar haqida keng turda ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shundan so‘ng sessiyada tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish to‘g‘risida axborot berdi. Tuman Xalq qabulxonasi mudiri deputatlarga 2022 yil yanvar oyida fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha, mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash va kredit ajratilishida hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek sessiyada Amudaryo tumanida 2021 yilda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Amudaryo tumani inspeksiyasi rahbariyatining hisoboti ham tinglandi. Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosari G‘.Iskandarov kun tartibidagi masala bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Bundan tashqari sessiya ishida Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 35-sonli maktabda direktorlik lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodga kelishim berish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Nomzod Baxram Palvanov kelgusi 3 yilda maktabda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan dasturini deputatlar e’tiboriga havola qildi. Shundan so‘ng ochiq ovoz berish yo‘li bilan nomzodga kelishim berish masalasi muhokamaga qo‘yildi.
Sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining axborot xizmati