Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining “Paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligining boshqa sanoat korxonalari o‘rtasida bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega zamonaviy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishni rag‘batlantirish va qishloq aholisining bandligini oshirish maqsadida hududlarda paxta to‘qimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllarini keng joriy etish belgilangan edi. Shunga muvofiq Amudaryo tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasida 2019 yilda paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. O‘tgan uch yil mobaynida klaster bilan shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarida paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlari o‘z vaqtida ta’minlanayotgani tufayli barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilib, natijada paxta dalalaridan mo‘l hosil to‘planib, konraktatsiya shartnomalari ortig‘i bilan bajarilmoqda. Hosildorlik ortishiga erishilmoqda.
Ayni kunda ushbu korxonada 900 nafarga yaqin odam doimiy ish bilan band.
Korxonada 2020 yilda paxta tolasini qayta ishlashdan 7,1 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. 2021 yilda esa eksport hajmini 8 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 sentabrdagi Qaroriga muvofiq Oq oltin ovulida faoliyat yuritib turgan “Amudaryo paxta tozalash zavodi” ham besh yil muddatda bo‘lib to‘lash sharti bilan klaster tomonidan sotib olindi va bu loyiha bo‘yicha 82,5 milliard so‘mlik modernizatsiyalash ishlarini olib borish, 40 ming tonna paxtani 60 kunda qayta ishlash quvvatiga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda bu borada tashkiliy va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Paxtachilik-to‘qimachilik klasteri fermer xo‘jaliklarida ishlarni tashkil etishning ilg‘or agrotexnologiyalari va uslublarini joriy qilish, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha ijobiy natijalarni ta’minlashga intiladi. Yerlarni ekishga tayyorlashdan tortib, yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib topshirishgacha bo‘lgan barcha ishlar uchun o‘z vaqtida mablag‘ yetkazib beradi. Fermer xo‘jaliklaridan qabul qilib olingan paxta xomashyosi Oq oltin ovulidagi paxta tozalash zavodida qayta ishlanib, Mang‘it shahridagi korxonada ipga aylantiriladi. Hozirgi kunda paxta tolasidan tayyorlanayotgan kalava ip mahsulotining asosiy qismi Xitoyga eksport qilinayapti.
Korxonada ishchilarning unumli ishlashlari, mahsulot sifatli bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan ish dastgohlari, barcha texnologiyalar soz ishlashiga erishilayapti. Ish uch smenada tashkil etilgan bo‘lib, barcha smenadagi ishchilar ham issiq ovqat bilan ta’minlangan, oylik maoshlari o‘z vaqtida hisob-kitob qilib borilayapti. Ustoz-shogird an’anasi asosida yangi ishga kelganlar tajribali ishchilarga biriktirilib qo‘yiladi va malakasi oshiriladi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi paxtachilik-to‘qimachilik klasteri paxtani ekishdan tortib, to yetishtirilgan hosilni qayta ishlash, qayta ishlangan toladan kalava ip yigirish kabi jarayonlarni to‘liq qamrab olgani va bu jarayonda mingga yaqin yurtdoshlarimizning bandligini ta’minlab, iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo‘shayotgani bilan ahamiyatlidir.
Oygul RAJABOVA.