Prezident qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan tuman Madaniyat bo‘limida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Xalqimizning kino, teatr, musiqaga, umuman, san’atga mehri, qiziqishi har doim yuqori bo‘lgan. Aksariyat xonadonlarda rubob, dutor va doiraga ko‘zingiz tushadi. Bugun san’at va madaniyat rivoji yangi bosqichga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni mamlakatimizda o‘tkazilayotgan maqom, baxshichilik kabi xalqaro festivallar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ana shunday keng miqyosdagi madaniy anjumanlar, mamlakatimizda sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli madaniyat va san’at xalqimizning kundalik turmushida tobora yuksak o‘rin egallab bormoqda.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori san’at sevar xalqimiz uchun muhim voqea bo‘ldi. Hujjat bilan aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlarini ko‘rsatish darajasini oshirish, umumta’lim maktablari, musiqa va san’at maktablarida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarni musiqa darsliklari va cholg‘u asboblari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha-chora tadbirlar belgilandi. Ushbu qarorda belgilab berilgan vazifalarni amaliyotga tadbiq etish hamda ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi binosida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish tuman Madaniyat bo‘limi mudiri Shuhrat Yusupov, 9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Yo‘ldosh Abdalov hamda 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Ahmad Jumaboyevlar boshchiligida o‘tkazildi.

Mazkur yig‘ilishda tuman Madaniyat bo‘limi, Xalq ta’limi bo‘limi hamda tumandagi musiqa va san’at maktablarida faoliyat yurituvchi xodimlar, umumta’lim maktablardagi musiqa fani o‘qituvchilari qatnashib, qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida yanada kengroq tushunchalarga ega bo‘ldilar.

Qarorga muvofiq 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalaring madaniy bilim va ko‘nikmalarini, milliy madaniyatga muhabbatini oshirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga milliy musiqa cholg‘ularidan kamida bittasini chala olish mahorati o‘rgatiladi hamda bu haqda ularning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlariga tegishli qayd kiritiladi.

Shuningdek, musiqa fani o‘qituvchilarining milliy cholg‘ularning kamida bittasini, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab esa kamida 3 tasini chala olish mahoratiga ega bo‘lishi majburiy hisoblanadi.

Musiqa darslarida “Hayotimga hamrohdir cholg‘u” shiori ostida cholg‘u ijrochiligi mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yiladi.

Yig‘ilishda ushbu qaror  “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturiga hamohangligi, muhimi, ushbu hujjat eng olis hududlar aholisining ham musiqaga oshno bo‘lib, xalqimizning ma’naviy saviyasi yanada yuksalishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va farmonlar negizida ertangi kun egalari bo‘lgan yosh avlodning kelajagi yotadi. Shunday ekan, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga har birimiz mas’ulmiz.

F.Eshimbetova