Maktabgacha ta’lim bo‘limida tegishli mutaxassislar tomonidan MTTlarda hujjatlarni mehnat qonunchiligi asosida yuritishni tushuntirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
9 fevral kuni bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i F.Boboyev, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Yuridik boshqarma boshlig‘i X.Bo‘riyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Yuridik bo‘limi yuristkonsulti I.Baymuradov, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri S.Sadikova hamda Maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari va barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari qatnashdilar.
Yig‘ilishda MTTlarda mehnat qonunchiligi bo‘yicha hujjatlarning yuritilishi bo‘yicha, korrupsiya sohasidagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida mutaxassislar tomonidan keng tushunchalar berilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Kuzatuv kengash faoliyatiga doir masala ham ko‘rib chiqildi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i F. Boboyev so‘zga chiqib, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnat qonunchiligi bo‘yicha hujjatlarning yuritilishi, shaxsiy tarkib bo‘yicha buyruqlar va mehnat shartnomalarining rasmiylashtirilishdagi uchrayotgan xato-kamchiliklar va ularni bartaraf qilish yo‘llari haqida gapirdi. Shuningdek, mehnat shartnomasi hamda buyruqlarni namunaviy shakllarda yuritish, buyruqlarni rasmiylashtirishda Mehnat kodeksining tegishli moddalari mos ravishda qo‘llash, bu borada doimiy ravishda seminarlar tashkil qilib, tushuntirish ishlarini olib borish kerakligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Yuridik boshqarma boshlig‘i X. Bo‘riyev Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, korrupsion holatlarning oldini olish bo‘yicha xodimlar va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, qonunchilikda korrupsiyaning oqibatlari to‘g‘risida keng tushunchalar berdi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash va ularning ijrosini ta’minlash hamda tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning lavozim majburiyatlariga amal qilgan holda ish yuritishi lozimligini aytib o‘tdi.
Undan tashqari, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Kuzatuv kengashlari faoliyati bo‘yicha keng to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Kuzatuv kengash a’zolari tarkibi to‘g‘ri shakllanmaganligi, yig‘ilishlarning doimiy ravishda o‘tkazilmayotganligini ta’kidladi.
Yig‘ilish so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i F. Boboyev tomonidan 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti misolida bo‘limning har bir yo‘nalishi mutaxassislari tomonidan interaktiv turda seminar tashkil etib, tashkilotlar direktorlariga amaliy yordam ko‘rsatish kerakligi aytilib, bu bo‘yicha tegishli xodimlarga topshiriqlar berildi.
Shunga ko‘ra tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnat qonunchiligi bo‘yicha hujjatlarning yuritilishi" mavzusida interfaol usulda amaliy seminar o‘tkazildi.
11 fevral kuni tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limida bo‘lib o‘tgan amaliy seminarda tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri S.Sadikova hamda bo‘lim mas’ul xodimlari, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari qatnashdilar.
Seminarda qatnashchilar guruhlarga bo‘linganidan so‘ng, mehnat munosabatlari jarayonlari bo‘yicha topshiriqlar tarqatildi. Topshiriqlarni bajarish bo‘yicha vaqt belgilandi. Guruh ishtirokchilari bajarilgan ishlar elektron doskada ko‘rsatib taqdimot qilishdi. Ushbu jarayonlarda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar aniqlanib, shu vaqtning o‘zida qanday bartaraf qilinishi ko‘rsatib berildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, ularni muntazam nazorat qilib borish borasida tegishli topshiriqlar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash va ularning ijrosini ta’minlash hamda tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning lavozim majburiyatlariga amal qilgan holda ish yuritish lozimligi tushuntirildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kadrlarning shaxsiy tarkibiga oid yuritiladigan hujjatlar namunalari ko‘rsatib berildi va seminar qatnashchilarining savollariga javoblar berilib, ularning ham fikr-mulohazalari tinglandi.
Qiziqarli o‘tgan seminarda tashkilot direktorlari hujjatlarni yuritish bo‘yicha keng tushunchalarga ega bo‘ldilar.
S.Patullayeva, tuman MTBning Kadrlar bilan ishlash sho‘’basi mudiri