Insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat, birodarlik barqaror bo‘lishi uchun kurashish, beg‘araz yordam berish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Shuningdek, imkoniyati cheklanganlarga ko‘maklashish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, imkon darajasida mehnatga jalb qilish, hayotimizning barcha jabhalarida faol ishtirok etishlariga sharoit yaratish, ularning haq- huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati ko‘pgina sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Jamiyatning tuman bo‘linmasida ham tumanimizda istiqomat qiluvchi imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, holidan xabar olib, moddiy-ma’naviy ko‘mak berish kabi savobli ishlar doimiy olib borilmoqda.
Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, o‘tgan yillar mobaynida bo‘linma O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ta’sis etgan grant tanlovlarida o‘zining imkoniyati cheklangan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, o‘qitish va malakasini oshirish kabi bir necha loyihalari bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi va muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Natijada tumanimizda imkoniyati cheklangan yoshlarga o‘zlarining qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratildi, kutubxona tashkil etilib, ilk bor ko‘zi ojiz fuqarolar uchun ham kitoblar keltirildi, tikuvchilik sexi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2021 yil davomida ham Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi hisobida turadigan, nogironligi bo‘lganlarning jamiyatimizga faol aralashuviga erishishga, islohotlarda daxldorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Yil mobaynida ular uchun 7 marta madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi, 5 marta turli sport musobqalari tashkil etildi, 2 nafar mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlarga nogironlik aravachasi topshirildi, 182 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar berildi. Shuningdek, ikki nafar nogironligi bo‘lgan qizlar Nukus shahrida o‘tkazilgan “Biz birgamiz” deb nomlangan tadbirda bo‘linma nomidan qatnashib, o‘zlarining hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasini namoyish etib, ulkan taassurotlar bilan qaytdi.
Bo‘linma Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan e’lon qilingan “Yangi Renessans ishtirokchilari” grant tanlovida “Jismoniy imkoniyati cheklangan o‘smirlar va yoshlarni intellektual mehnat faoliyatiga jalb qilish” nomli loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi.
Albatta, bu yutuq kelgusida bo‘linmada jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning o‘z iqtidorlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, intellektual mehnat faoliyatiga jalb etish borasida ko‘pgina imkoniyatlar yaratilishiga asos bo‘ladi.
Aslida bo‘linma faoliyati jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning to‘laqonli baxtiyor yashashlariga, ularning ham hech kimdan kam bo‘lmay, o‘qib-ilm olib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish, zarur hollarda moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgandir.
Nilufar XOLBOYEVA, Nogironlar jamiyati Amudaryo tuman bo‘linmasi raisi.