TANIQLI BIZNЕSMЕN ALISHЕR QULTAYEV TUMANIMIZ TADBIRKORLARIGA BIZNЕS-TRЕNING O‘TDI

Туман янгиликлари

Ota-bobolarimizdan qolgan “Arg‘amchiga qil - quvvat” degan gap bor. Bu biron ishni boshlayotgan odamga bir og‘iz shirin so‘z ham madad, deganidir. Chunki shu bir og‘iz shirin so‘z insonga ulug‘ ishlar qilishiga ishonchini uyg‘otib, yanada intilishiga, izlanishiga rag‘bat bo‘ladi.

Biroq shu narsa aniqki, bugungi kunda ham zamonaviy biznesmenlar xodimlarni boshqarishda, ular faoliyatining samaradorligini oshirishda necha o‘n yillardan buyon amal qilib kelinayotgan usul, ya’ni mukofot va jarima usullaridan foydalanishmoqda.

Keyingi yillarda dunyoda, xususan mamlakatimizda o‘z biznesini muvaffaqiyatli boshqarayotgan rahbarlar to‘g‘ri berilgan motivatsiya orqali ish samarasini ko‘zlagan darajaga olib chiqishmoqda. Umuman, inson hayotida o‘z kar’erasini rivojlantirish uchun ham, endigina faoliyatini boshlagan tadbirkor uchun ham, tajribali biznesmenlar uchun ham motivatsiyaning o‘rni juda muhim ekanligini bugungi tezkor hayotning o‘zi yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

16 fevral kuni Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limi tomoshalar zalida tumanimizdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, ishbilarmon sifatida ish boshlash istagida bo‘lganlar uchun taniqli biznes-trener Alisher Qultayev tomonidan biznes trening o‘tkazildi.

Tadbirkorlik sohasida 9 yillik tajribaga ega biznesmen, 2 oylik biznesni rivojlantirish kursi muallifi, Business Drive, kitapp uz kabi bir necha loyihalar asoschisi bo‘lgan Alisher Qultayev biznes treningda “Savdoni oshirishning infiktiv usullari” mavzusida, tadbirkorlikda motivatsiyaning o‘rni xususida yig‘ilganlarga qiziqarli ma’ruza qildi.

Notiqning ta’kidlashicha, shaxsiy hayotda ham, biznesda ham motivatsiyaning o‘rni juda katta. Biznes uchun avvalo puxta ishlangan loyiha va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun o‘z-o‘ziga ishonch lozim. Bunga qanday erishiladi? Biznes treningda aynan shular haqida so‘z bordi. Shuningdek, tadbirga yig‘ilganlar bilan savdoni oshirish yo‘llari, ular faoliyatidagi muammolari, bartaraf etish yo‘l-yo‘riqlari xususida samimiy suhbatlashdi.

Tan olish kerak, bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlar uchun ko‘pgina imkoniyatlar yaratilgan. Ularning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishidagi byurokratik ovoragarchiliklarga barham berildi, faoliyatini boshlashlari uchun imtiyozli kreditlar berilayapti. Biroq nega bu faoliyatga kirib kelgan insonlarning hammasi ham o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib keta olmayapti? Nega tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar hademay faoliyatlarini yakunlab qo‘ymoqda?

Biznes treningda bu haqda batafsil ma’lumotlar berildi va biznesni muvaffaqiyatli yuritish yo‘l-yo‘riqlari aniq misollar bilan tushuntirildi.

Tadbirkorlar, biznesga qiziqishi bor yoshlar Alisher Qultayevga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, tegishli javoblar oldilar.

Taniqli biznesmenning tadbirkorlik yuritish borasidagi darsi ishtirokchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi.

Oygul RAJABOVA