Tuman hokimi yoshlar bilan uchrashdi

Туман янгиликлари

Mamlakatning qudratini belgilaydigan omillar ko‘p. Biroq, ularning eng asosiylaridan biri shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarining hal etilishiga yordam berish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Shu maqsadda, Amudaryo tumanidagi hududlar bo‘ylab yoshlar ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar, davra suhbatlari, sayyor qabullar, ommaviy sport tadbirlari, mahorat darslari, turli ko‘rik-tanlovlar muntazam ravishda o‘tkazilib kelinadi.

17 fevral kuni tumanning Bosuv mahallasi hududida joylashgan 26-sonli umumta’lim maktabida “Hokim va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi Sardor Ismoilov hamda tumanimizda faoliyat yuritayotgan mutasaddi korxona, tashkilot vakillari qatnashishdi. Mazkur uchrashuvda mahalladagi 30 dan ortiq faol yoshlar qatnashib o‘zining taklif va muammolarini bidirishdi.

Dastlab, tuman hokimi tumanimizda yoshlarga oid davlat siyosati asosida navqiron avlodning zamonaviy bilim olishi, sport va boshqa yo‘nalishlarda iste’dodini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaralari, hamda kelgusidagi rejalar haqida qisqacha to‘xtaldi.

Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda yoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan tuman hokimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, savollariga ijobiy javoblar olishdi.

Uchrashuvda yoshlarni qiziqtirgan jiddiy masalalardan biri − ta’lim masalasi bo‘ldi. Kontrakt to‘lovlari uchun imtiyozlar, iqtidorli yoshlarga grantlar ajratilishi, umuman talabalar amaliyoti bilan bog‘liq jihatlargacha keng muhokama qilindi. Bundan tashqari, yoshlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar asosida bandlik, yer ajratilishi, imtiyozli kredit olish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan barcha murojaatlar tinglandi. Ko‘pchiligi shu yerning o‘zida hal etildi va ba’zilariga muddat belgilanib, mas’ullar biriktirildi hamda ijrosi tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan nazoratga olindi.

Tadbir yakunida yoshlarga yuzlangan tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev bunday uchrashuvlar doimiy ravishda o‘tkazilishini, yoshlar masalasi – eng asosiy masala ekanini va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlashishning alohida mexanizmi yo‘lga qo‘yilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, tumanimiz yoshlarida g‘oya va tashabbuslar ko‘pligini, eng asosiy masala mustaqil hayotga qadam qo‘yganda yo‘lidan chiqqan turli murakkabliklarni yengib o‘tish lozimligini ta’kidladi.

Qolaversa, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarning hammasi yoshlar uchunligini aytib, ushbu imkoniyatlardan foydalanib o‘z maqsadlariga erishiish yo‘lida ularga omad va zafarlar tiladi. Hokim va yoshlar uchrashuvi barcha yoshlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Yoshlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar negizida kelajak avlodning manfaatini ta’minlash va ertangi yorug‘ kunga zamin yaratilishi kabi masalalar yotadi. Shunday ekan, har bir yosh avlodni qo‘llab-quvvtlash ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish asosiy vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.

Tuman hokimligining axborot xizmati