Salomatlikni asrash va mustahkamlashning yagona yo‘li bu – sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir. Sog‘lom turmush tarzi esa insonning hayoti, salomatligi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ko‘nikmalarga ega bo‘lish asosida hayot faoliyatini yo‘lga qo‘yishi hisoblanadi.
Bu borada keng tushunchalar berish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi shifokorlari Guloyim Shrazova, Venera Davletmuradova va Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasi mas’ul shifokorlarining aholi bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
18 fevral kuni Olmazor mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda fuqarolarga kundalik hayotda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli kasalliklardan himoyalanish, sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga e’tibor qaratish borasida ma’ruzalar qilindi. Asosiy mavzu, ya’ni inson hayotida sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish, piyoda yurishning foydasi, salomatlikni saqlashda to‘g‘ri nafas olish mashqlarining ahamiyati bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, zararli odatlardan voz kechish, kun tartibiga, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, toza havoda sayr qilish kabilar sog‘lom turmush tarzining asosi hisoblanadi.
Sog‘lom turmush tarzi, bu – har qanday kasalliklar profilaktikasi va salomatlik, kuch-quvvat garovidir. Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya etgan odam oilasi, mehnat jamoasi, umuman, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, turli murakkab vaziyatlarni yengib o‘tish, hayot qiyinchiliklari oldida o‘zini yo‘qotmaslikka o‘rganadi.
Mutaxassislar muayyan shaxsning salomatligi birinchi navbatda uning hayot tarziga, ana shu turmush tarzi elementlariga ongli yondoshishiga bog‘liqligini e’tirof etishdi. Sog‘lom turmush tarzining har bir yo‘nalishini takomillashtirishga harakat qilib borish kerakligini, buning uchun oilada sog‘lom turmush tarzi va sihat-salomatlikni saqlash, jismonan barkamollikka erishish to‘g‘risidagi qo‘llanmalarni o‘qish, teledasturlardagi salomatlik va jismoniy barkamollik mavzusidagi ko‘rsatuvlarni muntazam ko‘rish, shu sohaga aloqador bilimlar doirasini kengaytirish va tibbiy savodxonlikni oshirib borish lozimligi to‘g‘risida batafsil so‘zlab o‘tishdi.
Ma’ruzalardan so‘ng mutaxassislar tomonidan fuqarolarning yuqumli kasalliklarning turlari, ulardan himoyalanish, vaksinatsiyaning ahamiyati to‘g‘risida berilgan savollarga to‘liq javoblar berildi.
Tadbir davomida 82-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchilari ishtirokida nafas olish mashqlari texnikasi ko‘rgazmali ravishda ko‘rsatib berildi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari, mahalla fuqarolari bilan birgalikda sog‘lomlashtirish mashqlari bajarildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga gripp, o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalligi va uning yuqish yo‘llari, aholi o‘rtasida koronavirus kasalligining oldini olish tadbirlari, jismoniy faollik, sog‘lom ovkatlanish, shaxsiy gigiyena, sog‘lom bo‘lishning oddiy qoidalari, immunitetni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar qayd etilgan buklet va eslatmalar tarqatildi.
Jumaboy Yavkashev, TTB ASTTKK va JFO bo‘limi shifokori.