Tuman hokimi – 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashev aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularning hal etilishiga ko‘maklashish maqsadida 18 fevral kuni Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini binosida sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda 1-sektor hududiga biriktirilgan ishchi guruhi a’zolari, tuman Xalq qabulxonasi vakillari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda hududda istiqomat qiluvchi 20 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajapov ochib berdi hamda joriy yil boshidan tuman Xalq qabulxonasiga 1-sektor hududida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va ularning ijrosi haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, sektor rahbari aholining yashash sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar va 2022 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi. Bundan tashqari, mahalladagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilariga yuklatilgan vazifalar haqida so‘z yuritib, bundan buyog‘iga mahallalarda ishlash tizimi butunlay boshqacha bo‘lishini, ushbu ikki lavozim egasi o‘zlari biriktirilgan mahalladagi aholining yashash sharoitini yaxshilashga, tadbirkorlik va ishbilarmonlik qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlashga birdek mas’ul ekanligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar avvalo aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Sayyor qabulda Davlat kadastrlar palatasi Amudaryo tumani filiali boshlig‘i Shokirjon Davlatov tomonidan e-auksion elektron savdo platformasi orqali dehqon xo‘jaligi, uy-joy hamda tadbirkorlik yerlarini sotib olish tartibi haqida tushunchalar berildi.
Ma’lumotlarda keltirilishicha, onlayn auksionda ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs sifatida savdo maydonchasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, ushbu fuqaroga savdo kabineti yaratiladi. Auksionga qo‘yilgan har bir ko‘chmas mulk haqida 30 kun oldin habar beriladi.
Fuqarolarga imtiyozli kredit olish tartibi haqida Mikrokreditbank tuman bo‘limi mas’ullari tomonidan keng tarzda ma’lumot berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 dekabrdagi qaroriga asosan 2022−2024 yillarda maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan va sertifikatni qo‘lga kiritgan yoshlarga 540 mln so‘mgacha kredit beriladi. Kredit foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasida, 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratiladi.
Yoshlar keltirilgan ma’lumotlar asosida imtiyozli kredit olish shartlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng sektor rahbariga fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar mazmuni ovul hududidagi ba’zi ko‘chalarga tosh yotqizish, elektr kuchlanishi past bo‘lganligi uchun yangi transformator va beton simyog‘ochlar o‘rnatish, kantrakt to‘lovining bir qismini to‘lab berilishida amaliy yordam hamda Choyko‘l ovuli hududidan yangi yo‘l chiqarish kabi masalalarda bo‘ldi.
Sektor rahbari barcha masalalarni birma bir o‘rgandi. Yangi yo‘l chiqarish masalasi bo‘yicha mas’ul tashkilot vakillariga topshiriqlar berildi.
Muddat talab etiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli soha mutasaddilariga ko‘rsatmalar berilib, tez kunda hal etilishiga kelishib olindi.
Tumanimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘libgina qolmasdan, aholining hukumat rahbarlariga va davlat idoralariga bo‘lgan ishochining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Tuman hokimligining axborot xizmati