Bahor fasli kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Bunday vaqtlarda inson va tabiatning bir-biriga qanchalik uyg‘unligi yaqqol seziladi. Qishdan so‘ng uyg‘ongan borliq yana o‘z tarovatini namoyon etgani kabi bahor nafasi sezila boshlagan ilk kunlardanoq odamlar yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishtiyoqi bilan ekish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga kirishadi.
Ayniqsa, xalqimiz ongu tafakkuri, turmush tarziga singib ketgan qadriyatlarga ko‘ra, erta bahordan hasharlar uyushtirilib, ariq-zovurlar tozalanadi, hovli-joylar sarishtalanadi, daraxtlarga shakl berilib, yangi umid va orzular bilan nihollar o‘tqaziladi.
Prezidentimiz tashabbusi asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlarini uyushqoqlik bilan, tizimli ravishda tashkil qilish maqsadida mamlakatimizda 1 martdan boshlab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanadi. Tadbir doirasida Amudaryo tumani bo‘yicha jami 724 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir oldidan yerlarni ko‘chat ekishga tayyorlash va hududlarni obodonlashtirish maqsadida 19-20 fevral kunlari Respublikamizning barcha hududlarida, shu jumladan, tumanimizda ham “Yashil makon” aksiyasi uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Choyko‘l ovuli ahli ham tumanning boshqa hududlari aholisi singari erta tongdan hasharga chiqdilar. “Yashil makon” aksiyasi doirasida hudud faollari va ko‘ngillilar ishtirokida ovul fuqarolar yig‘ini binosi oldida obodonlashtirish va ko‘chat ekish tadbirlari o‘tkazildi.
Tuman hokimi o‘rinbosarlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ullari hasharchilarga yordamga keldilar. Aksiya doirasida birgina Choyko‘l ovulida 250 tupdan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari, mingdan ortiq manzarali daraxt qalamchalari o‘tqazildi. Ayniqsa, aksiyada ovul yoshlari uyushqoqlik bilan ishtirok etib, hasharda jonbozlik ko‘rsatdilar. Ularning yordami bilan 500 metrdan ortiq uzunlikda ariq va zovurlar tozalanib, 40 tonnadan ortiq maishiy chiqindilar tashkiliy ravishda chiqarib tashlandi. Tushlik paytida aksiya ishtirokchilari uchun dasturxon yozilib, osh tortildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevral kungi “2022 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ham mamlakatimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni uyushtirish, Navro‘z umumxalq bayrami arafasida respublikamizning barcha hududlarida, har bir ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish vazifasi topshirilgan edi.
19-20 fevral kunlari “Yashil makon” aksiyasi doirasidagi tadbirlar Amudaryo tumanining To‘lqin ovulida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Tozalash va obodonlashtirish ishlariga tuman “Toza hudud” korxonasi va Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari hamda texnikalari ham jalb qilindi. Ovul nuroniylari hasharga bosh-qosh bo‘lib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlarini boshlab berdilar. Tadbirlarga tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli muassasa va korxona-tashkilotlar mas’ullari va xodimlari ham o‘z hissasini qo‘shdilar. Ayniqsa, ovul yoshlari alohida kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilib, o‘z mahallasi va ko‘chasining obod va fayzli bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdilar.
“Yashil makon” aksiyasi doirasida birgina To‘lqin ovulida 300 tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi. Ariq va zovurlar tozalanib, maishiy chiqindilar chiqarib tashlandi. Daraxt va butalar oqlanib, shakl berildi. Bu ishlarda jami 100 nafardan ziyod aholi ishtirok etdi.
Tushlik paytida hasharchilarga issiq ovqat berilib, san’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bir so‘z bilan aytganda, bahor fasli kirib kelishiga sanoqli kunlar qolganda tashkil qilingan ushbu aksiya doirasidagi tadbirlar bayram tusini oldi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, “Yashil makon” aksiyasi va “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelajak avlod uchun ham g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishidir. Zero, tozalik va ozodalik bor joyda fayz-u baraka bo‘ladi. Yashil makonlar va ko‘kalamzor hududlar esa sog‘lom turmush kechirishning eng asosiy omillaridan biridir.
Tuman hokimligining axborot xizmati.